
. Xitoyning Gansu viloyatidagi Tianshui shahrida joylashgan Brownstone Peixin bog‘chasida 230 dan ortiq bola sanoat bo‘yoqlari asosida tayyorlangan qorishmalar qo‘shilgan taomlardan zaharlandi. Bu voqea oy boshida yuz bergan bo‘lib, mamlakatdagi maktab va bog‘chalarda oziq-ovqat xavfsizligiga oid eng yirik fosh etishlardan biri sifatida e’tirof etildi.
. Gansu viloyati partiya qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan so‘nggi tekshiruv hisobotida maktab va bog‘chada xavfsizlik choralarida va nazorat ishlari bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlangani, shuningdek, voqeani yashirish, mas’ullarni pora bilan og‘dirish va test natijalarini o‘zgartirishga urinishlar bo‘lgani qayd etildi.
. Ma’lum bo‘lishicha, bog‘cha direktori bolalar sonini oshirish maqsadida taomlarning ko‘rinishini yorqinroq qilish uchun sanoat bo‘yoqlaridan foydalanishga buyruq bergan. Oshpaz esa onlayn do‘kondan maxsus sanoat bo‘yoqlari sotib olib, ularni taomlarga qo‘shgan. Ushbu mahsulotlarda “iste’mol uchun mo‘ljallanmagan” degan yozuv bo‘lganiga qaramay, oshpaz ularni ishlatgan. Eng xavfli modda tarkibida qon uchun xavfli bo‘lgan qo‘rg‘oshin miqdori me’yordan 400 000 marta yuqori ekani aniqlangan. Ilgari bog‘cha arzonroq va xavfsiz oziq-ovqat ranglari ishlatgan, ammo bu gal to‘q yorqin rangga erishish uchun xavfli sanoat bo‘yoqlarini tanlashgan.
. Natijada, dastlab 235 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan. Bolalarning ayrimlarida qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kuzatilgan va ba’zi bolalarning tishlari qorayib ketgan. Yakuniy tekshiruvlarga ko‘ra, 247 nafar bola va ba’zi xodimlarda, jumladan, direktorning ham qonida qo‘rg‘oshin miqdori me’yoridan yuqori bo‘lgani ma’lum qilingan.
. Maktabning 6 nafar xodimi, jumladan, direktor, maxsus zaharli mahsulotlardan foydalanganlikda ayblanib hibsga olingan. Shuningdek, maktab, shifoxona va mahalliy hokimiyatda ishlaydigan 27 nafar xodimga nisbatan intizomiy surishtiruv boshlangan.
. Hisobotda ta’kidlanishicha, jarayonda barcha bosqichlarda jiddiy xato va kamchiliklar sodir etilgan. Viloyat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi holatni qabul qilgandan so‘ng yetarlicha surishtirmagan, sinov namunalari sanitariya talablariga zid olingan va natijada natijalar va asl ko‘rsatkichlar o‘rtasida katta tafovut yuzaga kelgan.
. Tianshui Ikkinchi xalq shifoxonasida kamida ikki bolaning natijalari noqonuniy o‘zgartirilib, qondagi qo‘rg‘oshin miqdori sun’iy tarzda kamaytirilgan. Hisobotda laboratoriyada ish tartibi samarasiz, mas’uliyatlar aniq taqsimlanmagan va mutaxassislar yetarli tayyorgarlikka ega emasligi aytilgan.
. Mahalliy ta’lim boshqarmasiga nisbatan ham jiddiy ayblovlar ilgari surilgan: ikki yildan beri xususiy bog‘chalarda sanitariya va oziq-ovqat xavfsizligi tekshiruvlari o‘tkazilmagan, bog‘cha esa qimmat to‘lov olishiga qaramasdan tegishli litsenziyasiz faoliyat yuritgan. Ayrim mansabdorlar asosiy investor va bog‘cha bilan bog‘liq shaxslardan manfaatdor bo‘lgani va poraxo‘rlikda gumon qilinmoqda. Xitoyning yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi idorasi hukumat va shifoxonadagi mansabdorlar ustidan surishtiruv boshladi.
. Barcha bolalar davolangan, faqat bittasi davolanishni davom ettirmoqda. Birinchi davolash bosqichida qondagi qo‘rg‘oshin miqdori o‘rtacha 40% kamaygan.
. Viloyat hokimiyati va partiya qo‘mitasi bolalar va ota-onalardan chuqur afsusdaligini ma’lum qildi.
. Maqola e’lon qilinishi bilan bog‘cha oldida katta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ota-onalar vakillari va politsiya o‘rtasida tortishuvlar va yo‘llarni to‘sib qo‘yish holatlari kuzatildi. Video yozuvlarda politsiyachilar va fuqarolar o‘rtasida kuch ishlatish va tortishuvlar aks etgan. Ota-onalar “Zo‘ravonlarni topshiring!” deb talab qilishgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar