Pekin atrofidagi hududlarda yuz bergan kuchli yomg‘ir va toshqinlar ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi, minglab odamlar xavfsiz joylarga ko‘chirilmoqda. Mamlakat hukumati kuchli yog‘ingarchilik natijasida yer ko‘chkisi va suv toshqinlari xavfi haqida ogohlantirishlar bermoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hebey viloyatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Ayniqsa, Fuping tumanida kechasi soatiga 145 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan — bu mintaqa uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Xitoy Suv resurslari vazirligi Pekin, Hebey va yana 9 ta viloyatga kichik va o‘rta daryolarda suv toshqinlari va tog‘ daryolarining toshib ketishi xavfi haqida maxsus ogohlantirishlar yuborgan.
Pekin shahri yaqinidagi Miyun tumani eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘lib, ayrim qishloqlarda elektr energiyasi va aloqa uzilgan. Mahalliy radiostansiyalar xabariga ko‘ra, 3 mingdan ortiq kishi bu hududdan evakuatsiya qilingan.
Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar yaqin soatlarda davom etadi. Ayniqsa, Miyun atrofidagi ba’zi hududlarda olti soat ichida 100 mm dan ortiq yog‘ingarchilik kutilmoqda. Bu esa pastlik hududlarda suv to‘planish xavfini yanada kuchaytiradi.
Shanba kuni Pekin hokimiyati kuchli yog‘ingarchilik ortidan yer ko‘chkisi, loy va toshqinlar bo‘yicha xavf darajasini oshirdi. Xususan, Baoding shahrida bir kechada yiliga mo‘ljallangan yog‘in miqdori — 540 mm — atigi sakkiz soatda yog‘ib tushgan. Bu shahar bo‘yicha o‘rtacha yillik yog‘ingarchilikdan ham ko‘pdir. Natijada 46 mingdan ortiq kishi zarar ko‘rdi, 4 655 kishi evakuatsiya qilindi.
So‘nggi yillarda Xitoyning odatda qurg‘oqchil bo‘lgan shimoliy hududlarida yog‘ingarchilik ko‘paymoqda. Ba’zilar bu holatni global isish bilan bog‘lamoqda. Ayni paytda bu turdagi kuchli yog‘inlar mamlakat infratuzilmasi, ayniqsa eskirgan toshqinlarga qarshi himoya tizimlari uchun katta sinov bo‘lmoqda. Ular millionlab odamlarning hayotiga tahdid soladi, shuningdek, 2.8 trillion dollarlik Xitoy qishloq xo‘jaligi sektoriga jiddiy zarar yetkazmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!