date

Shimoliy Koreya AQShga qarshi kurashda "g‘alaba va’da qildi"

Shimoliy Koreya AQShga qarshi kurashda "g‘alaba va’da qildi"
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat Koreya urushidagi o‘t ochishni to‘xtatish bitimi yilligini nishonlar ekan, "imperializm va AQShga qarshi kurashda albatta g‘alaba qozonamiz", deb bayonot berdi. 

Kim Chen Inning bu bayonoti u 1950–1953-yillardagi Koreya urushiga bag‘ishlangan harbiy muzeyga tashrif buyurganida aytilgan. U mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirish va uni "kuchli armiyaga ega boy davlat"ga aylantirish yo‘lida davom etishini ta’kidladi.

Koreya urushi va "G‘alaba kuni"
1953-yil 27-iyulda AQSh va Xitoy vakillari bilan imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish bitimi urushni rasmiy yakunladi. Urush davomida ikkala tomon ham bir necha bor hujum va orqaga chekinish bilan Koreya yarim orolini kesib o‘tgan. Bitimga ko‘ra, Koreya ikki qismga – Shimoliy va Janubiy Koreyaga bo‘lindi.

Shimoliy Koreya ushbu sanani har yili “G‘alaba kuni” sifatida nishonlaydi. Janubiy Koreya esa rasmiy tadbirlar o‘tkazmaydi, biroq AQShdagi memoriallarda faxriylar xotirlanadi.

Janubiy Koreya va AQSh ittifoqi mustahkamlanmoqda
Vashingtonda o‘tkazilgan xotira tadbirida Janubiy Koreya prezidenti Li Che Myong AQSh bilan strategik ittifoqni yanada mustahkamlashga va’da berdi.

“Biz siyosat, xavfsizlik, iqtisod va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirib, qon bilan bog‘langan Janubiy Koreya-AQSh ittifoqini mustahkamlaymiz. Bu orqali Koreya yarim orolida erkinlik va tinchlikni himoya qilishga harakat qilamiz,” — dedi prezident.

Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan hamkorligi ortmoqda
Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga minglab harbiy xizmatchilarini yuborgan. Xususan, ular Kursk viloyatida joylashtirilgan. Pxenyan, shuningdek, Rossiyaga o‘q-dorilar yetkazib bergani aytilmoqda. Yaqin oylarda yana harbiy kuchlar yuborilishi mumkinligi tahmin qilinmoqda.

Kim Chen In, shuningdek, urush faxriylari xotirasiga bag‘ishlangan bir nechta yodgorliklarni ziyorat qilib, Xitoy armiyasi jangchilari sharafiga qurilgan "Do‘stlik minorasi"da bo‘ldi. U artilleriya qismlari bilan ham uchrashib, bu tarixiy sanani nishonladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya AQShga qarshi kurashda "g‘alaba va’da qildi"