Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yana taranglashdi: Kim Chen Inning singlisi, mamlakat siyosiy elitasidagi ta’sirli shaxslardan biri Kim Yo Chjon Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myonning yarashuvga qaratilgan barcha urinishlarini mutlaqo rad etdi, deb xabar berdi aljazeera.com.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya rasmiylari chegara hududida amalga oshirib kelingan tashviqot eshittirishlarini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror qabul qilganini ma’lum qilgan. Ammo Kim Yo Chjon bu qadamni "ilgari qilinmasligi lozim bo‘lgan ishni vaqtincha bekor qilish" sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, agar Seul bir necha hissiyotli so‘zlar bilan avvalgi siyosiy voqealarni unutish mumkin, deb hisoblasa, bu jiddiy va kechirib bo‘lmas xatolik sanaladi.
Shu bilan birga, u Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myonning Kim Chen Inni APEC sammitiga taklif qilishga qaratilgan fikrlarini "xayolparastlik" deb baholadi. Kim Yo Chjon fikricha, yangi hukumatning AQSH bilan harbiy ittifoqqa sodiqligi va Pxenyanga qarshi pozitsiyasi avvalgi konservativ prezident Yun Sok Yol davridan deyarli farq qilmaydi.
"Seul qanday siyosat yuritmasin, qanday takliflar kiritmasin, Pxenyan uchun hech qanday qiziqish yo‘q. Janubiy Koreya bilan uchrashishga ham, muzokara olib borishga ham asos ko‘rmayapmiz", — dedi Kim Yo Chjon.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon joriy yil iyun oyida Yun Sok Yol iste’foga chiqarilgach, hokimiyatga kelgan. Uning boshchiligidagi demokratik partiya ikki davlat munosabatlarini yaxshilash tarafdori sifatida tanilgan, biroq amaliy natijalar hozircha kuzatilmayapti.
Shu tariqa, Koreya yarimorolida vaziyat yanada keskin tus oldi. Muzokaralar va yarashishga bo‘lgan umidlar so‘nayotgan bir paytda, mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq savollar yana birinchi o‘ringa chiqmoqda. Jamoatchilik esa Koreyalar munosabatining qay yo‘nalish olishini kutib turibdi.
Koreyalar o‘rtasida muzlik: Pxenyanning qat’iy rad javobi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar