Donald Trampning Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish uchun belgilangan yangi 10-12 kunlik muddati xalqaro siyosat maydonida jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi, deb xabar berdi tass.ru. Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bu talabga nisbatan keskin munosabat bildirib, Amerika rahbarining yangicha yondashuvini “ultimatumlar o‘yini” deb atadi.
Medvedevning fikricha, har bir yangi ultimatum muzokaralarning asosiy mohiyatini yo‘qqa chiqaradi va vaziyatni yanada murakkablashtiradi. U, ayniqsa, AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoga chek qo‘yish uchun avval belgilangan 50 kunlik muddatni keskin qisqartirib, endi 10-12 kun ichida natija kutmoqda. Medvedev buni tahdid sifatida qabul qilib, “Har bir yangi ultimatum tahdid va urush tomon qadamdir. Bu Rossiya va Ukraina o‘rtasida emas, balki AQSHning o‘z ichidagi siyosati bilan bog‘liq”, – deya ta’kidladi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi rahbarining o‘rinbosari, shuningdek, Donald Trampga murojaat qilib, Rossiya na Isroil, na Eron ekanini unutmaslikni uqtirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Rossiyaning xalqaro maydondagi mavqei va tarixiy tajribasini inobatga olish kerakligini anglab yetishi lozim.
Ayni paytda, Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar 10-12 kun ichida natija bermasa, Rossiyadan neft va gaz import qiluvchi davlatlarga 100 foizlik bojlar joriy etishini bildirdi. Bu esa xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ham yangi bosqichni boshlashi mumkin.
Kuzatuvchilar fikricha, Medvedevning javobi va Trampning ultimatumi Rossiya-AQSH munosabatlarida yangi ruh va keskinlikni paydo qilayotganining yana bir isboti bo‘ldi. Mintaqada vaziyat qanday tus olishi va muzokaralar qaysi yo‘nalishda davom etishi esa haligacha katta savol bo‘lib turibdi.
Trampning ultimatumiga Medvedev javobi: Rossiya uchun “o‘yin” emas
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar