AQSh prezidenti Donald Tramp Shotlandiyadagi “xususiy tashrifi” davomida o‘zining uch asosiy ustuvor yo‘nalishini uyg‘unlashtirdi — golf, shaxsiy biznes manfaatlari va global siyosat.
Tramp Turnberry va Balmediedagi o‘ziga tegishli golf kurortlarida nafaqat dam oldi, balki ularni faol reklama qildi. Aynan shu kurortlarda u muhim matbuot anjumanlari va uchrashuvlar o‘tkazdi. Ayniqsa, Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Britaniya bosh vaziri Keir Starmer bilan bo‘lgan uchrashuvlar alohida e’tiborga molik.
Prezident tashrif chog‘ida AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tarixdagi eng yirik savdo bitimlaridan birini e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, Yevropa milliardlab dollarlik AQSh energetikasi va harbiy texnikasini xarid qiladi hamda Amerika iqtisodiyotiga sarmoya yo‘naltiradi. Yevropa mahsulotlariga esa AQShda 15 foizlik tarif joriy qilinadi — bu Tramp ilgari tahdid qilgan 30 foizlik bojdan ancha qulay.
Tramp va Starmer o‘rtasidagi muzokaralarda G‘azo sektori bo‘yicha gumanitar masalalar muhokama qilindi. Tramp, Bosh vazirning da’vatiga javoban, AQShning Buyuk Britaniya va Yevropa bilan hamkorlikda G‘azoga oziq-ovqat yetkazish markazlarini tashkil etishini bildirdi.
Shuningdek, Tramp Ukraina-Rossiya mojarosiga oid pozitsiyasini keskin o‘zgartirdi. U endilikda Rossiyadan sulhga kelish uchun atigi 10-12 kun vaqt berishini aytdi. "Kutishning foydasi yo‘q", dedi u.
Bu safar davomida Tramp o‘z siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash, tijoriy manfaatlarini targ‘ib qilish va xalqaro sahnada ta’sirini oshirish imkonini qo‘lga kiritdi. Aynan shunday uslub — siyosatni shaxsiy brend bilan uyg‘unlashtirish — Tramp siyosatining o‘ziga xos jihatidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!