date

Apple savdo belgisi uchun “Apple Cinemas” bilan kurashni sud zaliga olib chiqdi

Apple savdo belgisi uchun “Apple Cinemas” bilan kurashni sud zaliga olib chiqdi

Texnologiya olamidagi yirik korporatsiya Apple o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida navbatdagi yuridik qadamni tashladi, deb xabar berdi rozetked.me. Kompaniyaning sudga murojaat qilishiga sabab — AQSHda faoliyat yuritayotgan “Apple Cinemas” nomi ostidagi kichik kinoteatrlar tarmog‘i savdo belgisini buzganlik aybi bo‘ldi.

Apple da’vo arizasida ta’kidlaganidek, “Apple Cinemas” nomidan foydalanayotgan kompaniyalar ushbu atama iste’molchilar orasida aniq chalkashlik va noaniqliklarga sabab bo‘layotgani haqida bir necha marta rasman ogohlantirilgan. Texnologik gigantning murojaatida, hatto ayrim odamlar “Apple Cinemas” kinoteatrlari Apple kompaniyasiga tegishli, deb o‘ylab, yangiliklar saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda shunday xabarlar tarqatayotgani alohida qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi rasmiy ogohlantirish AQSH Patent va tovar belgilari idorasi tomonidan berilgan. 2024 yil oktyabrda mazkur idora Sand Media Corp. tomonidan berilgan “Apple Cinemas” va “ACX – Apple Cinematic Experience” tovar belgilariga arizalarni rad etgan. Rad etish sababi sifatida, bu nomlar Apple huquqlari bilan chalkashlikka olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Apple tomonidan sudga taqdim etilgan shikoyatda, kompaniya advokatlari kinoteatr tarmog‘i rahbariyati bilan bir necha marta telefon orqali va yozma shaklda rasmiy aloqada bo‘lgani qayd etilgan. Biroq, shunga qaramasdan, “Apple Cinemas” nomi ostidagi tarmoq o‘z faoliyatini kengaytirish va hududiy miqyosda kengayish rejalarini olg‘a surishda davom etgan.

Endi esa, Apple sud orqali “Apple Cinemas” nomi bilan bog‘liq barcha savdo belgi faoliyatiga cheklov qo‘yish va moddiy tovon to‘lashni talab qilmoqda. Mazkur ish kino va texnologiya sanoatidagi brendlar himoyasi masalasida yana bir katta bahsni yuzaga keltirdi.

Apple va “Apple Cinemas” o‘rtasidagi ushbu nizo kino va texnologiya olamidagi yangi intriganing boshlanishi bo‘lib, ushbu ish natijasi AQSHdagi tovar belgilariga nisbatan kelgusida yanada qat’iy qarashlarni shakllantirishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Apple savdo belgisi uchun “Apple Cinemas” bilan kurashni sud zaliga olib chiqdi