Ukrainaning janubida, mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan Odessa viloyatida dahshatli hodisa yuz berdi. Zatoka shahridagi plyajda mina portlashi oqibatida bir necha inson haëtidan ko‘z yumdi. Dastlabki ma’lumotlarni Strana.ua nashri tarqatdi.
Nashrning Telegram kanallarida yozilishicha, portlash plyaj hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, mina aslida suv ichida bo‘lgan. RBC Ukraina agentligi esa portlash qirg‘oqdan taxminan 50 metr uzoqlikda, dengiz ichida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
O‘sha vaqtda suvda bir kishi bo‘lgan va afsuski, u omon qolmagan. Guvohlar aytishicha, portlash ovozi plyaj bo‘ylab uzoq masofaga eshitilib, dam oluvchilar orasida haddan ziyod vahima tarqalgan.
Ko‘p o‘tmay, Odessa viloyati politsiyasi o‘z rasmiy saytida hodisaga oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, suzish paytida ketma-ket ikki portlash yuz bergan. Natijada bir ayol va ikki erkak halok bo‘lgan.
Mahalliy aholi va dam oluvchilar tez yordam va qutqaruv xizmati kelguncha jarohat olganlarga yordam berishga uringan. Ammo portlash kuchli bo‘lgani sababli ayrim jabrlanuvchilar hodisa joyida halok bo‘lgan.
Hozirda mutasaddilar hodisa sabablarini o‘rganmoqda. Taxminlarga ko‘ra, mina Qora dengizda davom etayotgan urush oqibatida suvga tushgan bo‘lishi mumkin. Dengiz tubida bunday portlovchi moddalarning qolib ketishi sayyohlar haëtiga katta xavf tug‘diradi.
Hukumat fuqarolarni xavfsiz deb belgilangan hududlardan tashqarida suzmaslikka chaqirmoqda. Ayniqsa, urush davom etayotgan hududlarga yaqin sohillarda bunday xavf yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!