
Rossiyaning Zelenograd shahridagi veterinariya klinikasida birinchi bor baliqqa ultratovush tekshiruvi amalga oshirildi va muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, besh-yetti yoshlar atrofidagi biryuza akar balig‘i shifokorlarga qorin qismidagi shish bilan olib kelingan. Bir hafta ichida shish tez o‘sib, baliqning suzish qobiliyati yomonlashgan hamda hojat chiqarishda qiyinchiliklar kuzatilgan. Shuningdek, o‘sma yorilish xavfi ham yuqori bo‘lgan.
Klinika veterinarlari tekshiruv davomida UZI mutaxassisi Tatyana Baragina baliq qornida qonli suyuqlikka to‘lgan kista borligini aniqladi. Shundan so‘ng jarroh Nadejda Kuzina punksiya orqali kistani tozalash amaliyotini muvaffaqiyatli bajardi.
Bunday tibbiy muolaja klinika amaliyotida ilk bor o‘tkazilgan bo‘lib, tajriba samarali yakunlandi. Amaliyatdan so‘ng baliq yana faol harakat qila boshladi va normal suzayotgani qayd etildi.
Mutasaddilar baliq bir muddat shifokorlar nazoratida bo‘lishini, chunki kista qayta suyuqlik to‘plashi ehtimoli borligini ma’lum qildi.
Manba: Peopletalk
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!