date

Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi yanada kuchaymoqda

Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi yanada kuchaymoqda
Rossiya hududida benzin ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar yanada keskin tus olmoqda. Mahalliy va xalqaro nashrlarda e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan dron zarbalari mamlakatning bir qator neft qayta ishlash zavodlarini ishdan chiqarib, yoqilg‘i bilan ta’minlash jarayonida jiddiy uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. "The Moscow Times" ma’lum qilishicha, hozirda Rossiyaning umumiy quvvatining qariyb 13 foizi vaqtinchalik faoliyatsiz qolgan. Bu esa o‘z navbatida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ulkan navbatlarni keltirib chiqargan.

Ayrim hududlarda vaziyat shu darajada og‘irlashdiki, benzin oddiy tarzda sotilmayapti, balki faqat maxsus kupon yoki kartalar orqali tarqatilmoqda. Bu holat aholi va haydovchilar orasida jiddiy norozilik va xavotir uyg‘otgani qayd etilmoqda.

Muammolar geografiyasi ham kengaymoqda. Avgust oyi boshidan Primore viloyati va unga yaqin hududlarda ta’minotdagi uzilishlar sezila boshlagan bo‘lsa, endi Arsenev, Ussuriysk va Chuguyevskiy tumanlaridan tashqari Vladivostok shahrida ham benzin taqchilligi kuzatilmoqda. Mahalliy avtoqo‘ymalarda haydovchilar soatlab navbatda turib qolishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiy idoralar bunday holatni mavsumiy talabning ortishi, temir yo‘l orqali yetkazib berishda kechikishlar va yo‘llarda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan izohlashga urinmoqda. Biroq ko‘plab mutaxassislar fikricha, asosiy sabab — neft zavodlarining ishlamay qolishi.

Yoqilg‘i narxlari ham keskin oshib ketdi. Xususan, A-92 markali benzinning bir tonnasi 71 970 rublga, A-95 markasi esa 81 337 rublga yetgani ta’kidlanmoqda. Bu esa mamlakatdagi transport sohasi va iqtisodiy jarayonlarga katta bosim o‘tkazishi mumkin.

Rossiya hukumati iyul oyi oxiridan beri yoqilg‘i eksportini taqiqlagan bo‘lsa-da, ekspertlar bu chora ichki bozordagi izchillikni to‘liq ta’minlay olmasligini ta’kidlashmoqda. Ular ogohlantirishicha, agar mavjud vaziyat qisqa vaqt ichida barqarorlashmasa, nafaqat transport sohasida, balki butun iqtisodiyotda jiddiy uzilishlar va salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi yanada kuchaymoqda