date

AQSHdagi yirik zavodda kuchli portlashlar va yong‘in yuz berdi

AQSHdagi yirik zavodda kuchli portlashlar va yong‘in yuz berdi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Luiziana shtatida joylashgan "Smitty's Supply" motor moyi ishlab chiqarish zavodida favqulodda holat yuz berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona hududida qator kuchli portlashlar ro‘y bergan va shundan keyin katta yong‘in avj olgan.

Guvohlarning aytishicha, portlashlardan so‘ng zavod osmoniga bir necha soat davomida qalin qora tutun ko‘tarilib turgan. Atrofdagi aholi va haydovchilar tomonidan olingan videolarda yong‘inning o‘ta kuchliligi hamda portlashlarning ketma-ket sodir bo‘layotgani aks etgan. Bu haqda "Life Times" nashri xabar tarqatdi.

"ABC News" ma’lumotlariga ko‘ra, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida shoshilinch chora ko‘rildi. Zavoddan taxminan 2 kilometr uzoqlikda joylashgan eng yaqin shahar — Roseland aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilish ishlari boshlandi. Qutqaruvchilar va mahalliy hokimiyat vakillari aholidan xavfli hududdan uzoqlashishni talab qildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, birinchi portlash korxonaning asosiy ishlab chiqarish sexida qayd etilgan. Olov zavodning katta qismini qamrab olgan va keyinchalik yana bir necha portlashlar ro‘y bergan. Bu esa yong‘inni yanada kuchaytirib, uni nazorat ostiga olishni qiyinlashtirgan.

Hozirda o‘t o‘chiruvchi va favqulodda holatlar xizmati xodimlari zavodda yong‘inni bartaraf etish uchun uzluksiz ish olib borishmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hodisa sabablari va yo‘qotishlar miqyosi to‘liq o‘rganilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHdagi yirik zavodda kuchli portlashlar va yong‘in yuz berdi