AQSHning Parijdagi elchisi Charlz Kushner va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘rtasida antisemitizm masalasi bo‘yicha katta tortishuv kelib chiqdi. 24 avgust kuni WSJ nashrida chop etilgan ochiq xatda Kushner Fransiya hukumatini yahudiylarga qarshi nafrat ko‘rinishlariga yetarlicha chora ko‘rmayotganlikda aybladi.
“Men Fransiyada antisemitizm keskin o‘sishi va hukumatning bu tahdidga qarshi samarali harakat qilmayotganidan juda tashvishdaman... Mamlakatda har kuni yahudiylar ko‘chada hujumga uchrayapti, sinagogalar va maktablar tahqirlanmoqda, yahudiylarga tegishli bizneslar vandalizm qurboni bo‘lmoqda”, — deb yozadi elchi, uning so‘zlarini The Guardian iqtibos keltirdi.
AQSH vakili Makronni nafrat jinoyatlariga qarshi qonunlarni yanada qat’iy ijro etishga va Isroilni tanqid qilish ohangini pasaytirishga chaqirdi. Kushnerning ta’kidlashicha, Fransiya hukumati tomonidan Falastin davlatini tan olishga oid bayonotlar mamlakatda antisemitizmning kuchayishiga turtki bo‘lgan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa javob bayonotida ayblovlarni mutlaqo rad etdi. “2023 yil 7 oktyabrdan buyon antisemitik xatti-harakatlar ortishi achinarli holatdir, ammo hukumat ularga qarshi qat’iy kurash olib bormoqda. Elchi bildirgan ayblovlarni qabul qilib bo‘lmaydi”, — deyilgan rasmiy izohda.
Fransiya shuningdek, “Diplomatik munosabatlarni tartibga soluvchi Vena konvensiyasi”ga ko‘ra, elchining bunday chiqishi mamlakat ichki ishlariga aralashish deb baholanishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Charlz Kushner 25 avgust kuni Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Eslatib o‘tamiz, Charlz Kushner AQSH prezidenti Donald Trampning qudasi hisoblanadi. Uning o‘g‘li Jared Kushner Trampning qizi Ivankaga uylangan. Ivanka esa 2009 yilda, turmushga chiqishdan oldin yahudiylikni qabul qilgan.
Kushnerning xati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan Makronga yuborilgan tanqidiy maktubdan so‘ng e’lon qilindi. Netanyahu ham Fransiya rahbarini Falastinni xalqaro darajada tan olish orqali antisemitizmni kuchaytirayotganlikda ayblagan edi.
Shu bilan birga, Makron G‘azoda Isroilning olib borayotgan urushini ochiq tanqid qilayotgan Yevropadagi eng qat’iy yetakchilardan biri sifatida ko‘rilmoqda. U Falastin davlatini BMT minbarida tan olish niyatini bildirgani Isroilda qattiq norozilik uyg‘otgan. Shuningdek, Makron antisemitizmni Fransiya qadriyatlariga zid holat deb atab, diniy markazlarni qo‘shimcha muhofaza qilish choralarini kuchaytirgan.
Fransiyada yarim millionga yaqin yahudiy jamoasi va bir necha millionlik musulmon aholi yashaydi. G‘azoda davom etayotgan urush boshlanganidan beri har ikki jamoa ham nafrat jinoyatlari keskin ko‘payganini qayd etmoqda.
Shu tariqa, Kushnerning xati Fransiya, AQSH va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirib, xalqaro maydonda jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Tramp qudasining xati: Fransiya va AQSH o‘rtasida jiddiy tortishuv kuchaydi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar