Xitoyning Yanszyan shahrida yashovchi bir erkak dorixona tarmog‘ini oilasi buzilishiga sababchi bo‘lganlikda ayblab, sudga murojaat qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
Fuqaroning aytishicha, u mahbubasi uchun kontratseptiv dori sotib olishga uringan, ammo jarayon kutilmaganda fosh bo‘lib, nikohi xatar ostida qolgan.
Erkak to‘lovni mobil ilova orqali amalga oshirgan, ammo texnik nosozlik sababli operatsiya o‘tmagan. Shundan keyin dorixona xodimlari u ko‘rsatgan raqam orqali bog‘lanishga uringan, biroq qo‘ng‘iroqqa uning rafiqasi javob bergan.
Ayol, tabiiyki, shubhalanib, xodimdan qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan va javob olishi bilanoq sir ochilgan.
Erkak internetga videomurojaat chiqarib, endi nafaqat uning, balki “ikkinchi oila”ning ham vayron bo‘lishi mumkinligini aytgan. U dorixonani javobgarlikka tortishini, dalil sifatida esa xodim va turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi yozishmalar hamda skrinshotlarni taqdim qilishini bildirgan.
Xenan Zejin advokatlik firmasi vakili Fu Jianning so‘zlariga ko‘ra, erkak moddiy tovon talab qilishi mumkin, ammo bu ishni isbotlash oson emas.
— Aslida oila buzilishiga asosiy sabab uning o‘zi va zino qilganligi hisoblanadi. Shu bois birinchi navbatda erkak o‘z qilmishi uchun javob berishi shart. Lekin agar dorixona xodimlari rostdan ham shaxsiy hayotga aralashgani aniqlansa, ularning ham qonuniy javobgarligi mavjud bo‘lishi mumkin, — deydi huquqshunos.
Fu Jian qo‘shimcha qildi:
— Agar u sudga murojaat qilsa, dorixona qo‘ng‘irog‘i va nikohning buzilishi o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlikni aniq dalillar bilan ko‘rsatishi shart bo‘ladi. Ammo qo‘ng‘iroqning o‘zi qonunga zid emas va ma’lumot oshkor etish maqsadida qilinmagan. Shuning uchun ham bu yerda shaxsiy huquq buzilganini isbotlash juda qiyin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!