Saudiya Arabistonining Saudi Aramco kompaniyasi va Iroqning davlatga qarashli SOMO korporatsiyasi Hindistondagi yirik Nayara Energy kompaniyasiga neft yetkazib berishni chekladi. Bu qaror Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya bilan hamkorlik sababli kiritilgan sanksiyalar ortidan qabul qilingani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nayara Energy — asosiy aksiyalar paketi Rossiyaning “Rosneft” kompaniyasiga tegishli — har oyda taxminan 3 million barrel atrofida Saudiya va Iroq neftini import qilib kelar edi. Biroq avgust oyida vaziyat keskin o‘zgardi: kompaniyaga faqat Rossiyadan neft keltirildi. Boshqa davlatlar yetkazib berishni to‘xtatgani sabab, ish faqat Moskva bilan chegaralandi.
Natijada, Vadinah shahrida joylashgan neft qayta ishlash zavodi ish faoliyatini 70–80 foizgacha qisqartirishga majbur bo‘ldi. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish hajmiga, balki ichki va tashqi bozordagi mahsulot tanqisligiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Ta’kidlanishicha, kompaniya hozirda sotuvdagi qiyinchiliklar va transport bilan bog‘liq muammolarni yengish uchun “qora flot” — yashirin tankerlar xizmatidan foydalanishga o‘tgan. Bunday sxema rasmiy ravishda qonunan man etilgan bo‘lmasa-da, xalqaro bozorda shaffoflik va xavfsizlikka doir savollarni kun tartibiga chiqarmoqda.
Shu bilan birga, AQSH Hindistonning Rossiyadan neft olishini qattiq tanqid qilmoqda. Prezident Donald Tramp avgust oyida Nyu-Delini Moskva bilan aloqalarini cheklamaslikda ayblab, javob sifatida Hindiston mahsulotlariga qo‘shimcha 25 foiz boj joriy qildi.
Mazkur boj asosan kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar, mebel va poyabzal kabi mahsulotlarga tatbiq etildi. Ekspertlar bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashmoqda.
Saudiya va Iroq Hindistonga neft yetkazishni to‘xtatdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar