Ukrainada yangi o‘quv yili boshlanishi bilan minglab bolalar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yerostida dars olishga kirishdi. Xarkiv shahrida Rossiya tomonidan olib borilgan hujumlar sabab, shaharning turli hududlarida 7 ta zamonaviy yerosti maktabi faoliyat boshladi va ularda taxminan 17 ming nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Reuters agentligi xabar qilishicha, bu tajriba shaharning eng ko‘p zarar ko‘rgan va tinchlikka ehtiyoj sezilgan tumanlarida amalga oshirilmoqda. Shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda yerostidagi maktablar soni yana oshirilishi rejalashtirilmoqda. Xarkov shahar meri Igor Terexovning aytishicha, yaqin vaqtda yana 3 ta maktab ishga tushiriladi va shahar metrosidagi 6 ta bekat sinfxonalarga aylantirilgan.
Nova Saltivka tumanidagi ikki maktabda 1,5 mingga yaqin bola ta’lim olayapti. Xavfsizlik va tinch muhit sababli, ota-onalar bu muassasalarga ishonch bildirishmoqda. Xarkivlik ota-onalardan biri Anastasiya Pochergina qizi birinchi sinfga kirganini aytdi va «Bu yer Xarkivdagi eng chuqur maktab, shu bois o‘zimni xavotirsiz his qilyapman. Lekin farzandimning odatiy maktabga borishini ham orzu qilaman», — dedi.
6 yoshli Mariya Yampolskaya esa birinchi sinfga kirishi munosabati bilan, «Men urush sabab bog‘chaga bora olmaganman», deya javob berdi. Shunday qilib, urushdan jabr ko‘rgan bolalar uchun yangi o‘quv yili yerostidagi maktablar orqali xavfsiz va xotirjam muhitda boshlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!