date

Ukraina birinchi bor dronlar galasini sun’iy intellekt bilan boshqardi

Ukraina birinchi bor dronlar galasini sun’iy intellekt bilan boshqardi

Ukraina dunyoda ilk marotaba jang maydonida dronlar galasining harakatlarini uyg‘unlashtirish va muvofiqlashtirishda sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishni boshladi. The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, ushbu innovatsiya harbiy to‘qnashuvlar kelajagining eng muhim belgilaridan biri sifatida baholanmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday texnologiya dronlar urushi taraqqiyotida yangi bosqichni anglatadi. Chunki u bir vaqtning o‘zida o‘nlab, hatto minglab uchuvchisiz apparatlarni dushman mudofaasiga qarshi yo‘naltirish imkonini yaratadi. Bu nafaqat alohida obyektlarga, balki butun shaharlarni qamrab oladigan keng ko‘lamli operatsiyalarga yo‘l ochadi.

Ukraina armiyasi safida xizmat qilayotgan yuqori lavozimli ofitser hamda dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi kompaniya vakillari ma’lum qilishicha, frontda o‘tgan yilning katta qismi davomida dronlar bilan ommaviy hujumlar uyushtirilgan. Ilgari bu haqda rasmiy ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, tahlilchilar bu holatni zamonaviy urushda dron galasidan muntazam tarzda foydalanishning birinchi namunasi sifatida baholashmoqda.

Swarmer nomli startap yaratgan dasturiy ta’minot esa galani yanada samarali qiladi. U qaysi dron birinchi bo‘lib hujum boshlashini belgilaydi va agar bir apparatining batareyasi quvvati tugab qolsa, qolganlari darhol moslashib, vazifani o‘z zimmalariga oladi. Kompaniya rahbari Sergey Kupriyenko buni shunday izohladi:

— Siz faqat nishonni ko‘rsatasiz, qolgan ishlarni dronlar o‘zlari amalga oshiradi. Ular hamkorlikda harakat qiladi va vaziyatga tez ko‘nikishadi.

Swarmer texnologiyasi avval bor Ukraina kuchlari tomonidan minalar joylashtirish uchun qo‘llanilgan va keyinchalik dushman texnikasi hamda Rossiya infratuzilmasiga zarba berishda faol ishlatilgan. Oddiy holatlarda u uchta dron bilan qo‘llansa, ba’zan sakkiztagacha apparatga tatbiq etilgan. Shuningdek, 25 ta dron bilan ham sinov o‘tkazilgani qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar ham gala texnologiyasini rivojlantirish ustida ish olib borishmoqda. Biroq tahlilchilar Ukrainadagi amaliyotlarning muntazam jang maydonida qo‘llanayotgani haqida avval bilmaganini aytishgan. Eslatish joizki, AQSH bu tizim ustida kamida 2016-yildan buyon izlanish olib borib kelmoqda, o‘shanda uchta qiruvchi samolyotdan yuzdan ziyod kichik dronlarni havoga chiqarib sinov o‘tkazgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina birinchi bor dronlar galasini sun’iy intellekt bilan boshqardi