Janubiy Koreya armiyasi Hyundai robotlarini jalb qilmoqchi

Janubiy Koreya harbiylari mamlakatdagi askarlar sonining kamayib borayotgani sababli Hyundai Motor kompaniyasi bilan strategik hamkorlikni ko‘rib chiqmoqda. Seul sun’iy intellektga asoslangan uchuvchisiz tizimlarga investitsiyalarni ko‘paytirib, kadrlar taqchilligi muammosini hal etishga urinmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar «yuqori texnologiyali va ilmiy asoslangan qurolli kuchlar»ni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Hozircha hamkorlikning aniq tafsilotlari va shartlari kelishib olinmagan.
Armiya robototexnikadan asosan kuzatuv, razvedka va logistika kabi jangovar bo‘lmagan vazifalarda foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu orqali inson resurslarini tejash va harbiy operatsiyalar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Potensial texnologiyalar qatorida Boston Dynamics kompaniyasining to‘rt oyoqli Spot robotlari, Hyundai kompaniyasining to‘rt g‘ildirakli MobED droidi hamda X-ble Shoulder ekzoskeletlari kabi yechimlar mavjud. Hyundai vakillari ushbu xabarlar yuzasidan hozircha izoh berishdan bosh tortdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!