date

Tramp AQSH armiyasini Rossiya va Xitoyga qarshi qayta qurmoqchi

Tramp AQSH armiyasini Rossiya va Xitoyga qarshi qayta qurmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp Pentagonga Qo‘shma Shtatlar qurolli kuchlarini yanada mustahkamlash, zarurat tug‘ilsa Rossiya va Xitoyning xarakatlarini tiyib turishga tayyorlash vazifasini topshirdi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Pit Hegset Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, oldingi ma’muriyatning loqaydligi va sustkorligi Moskva va Pekinning bir-biriga yaqinlashuviga turtki bo‘lgan.

«Shu bois prezident Tramp mudofaa vazirligiga tayyorgarlikni kuchaytirishni buyurdi. Qurolli kuchlarni tarixiy darajada qayta qurish orqali harbiy ruhni tiklash va salohiyatni oshirish maqsad qilingan», — dedi Hegset.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qadamlar hech qanday tarzda ziddiyat qidirish uchun emas, balki, aksincha, mojarolarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

«Harbiy namoyishlar yoki paradlar – tabiiy holat, lekin ular urushga aylanib ketmasligi zarur», — deya ta’kidladi vazir.

Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda kosmosda, havoda, dengizda va suv ostida strategik ustunlikni saqlab qolish niyatida. Shuningdek, u «Oltin gumbaz» mudofaa tizimini tilga olib, Xitoy hozircha bunday imkoniyatga ega emasligini qayd etdi.

«Prezident Tramp Si Jinping bilan yaxshi munosabatlarga ega. Bu esa ikki davlat hamkorlikda ishlay olishiga turtki bo‘ladi. Biroq, har qanday holatda ham biz doimo tayyor holda turishimiz shart», — deya fikrini yakunladi Hegset.

Eslatib o‘tamiz, 3 sentyabr kuni Pekindagi Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80-yilligiga bag‘ishlangan yirik harbiy parad o‘tkazildi. Unda 20 dan ziyod davlat rahbarlari, jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va KXDR yetakchisi Kim Chen In ishtirok etdi.

Tramp esa ijtimoiy tarmoqda qisqa bayonot berib, shunday yozdi: «AQSHga qarshi fitna uyushtirmoqchi bo‘layotgan Vladimir Putin va Kim Chen Inga samimiy tilaklarimni yetkazing».

Putin esa Xitoy safari yakunlaridan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Trampning so‘zlari «hazildan xoli emasligini» alohida qayd etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp AQSH armiyasini Rossiya va Xitoyga qarshi qayta qurmoqchi