Turkiya Afg‘onistonda sodir bo‘lgan halokatli zilziladan keyin unga insonparvarlik yordamini yo‘lladi.
TRT Haber ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi, Tabiiy ofat va favqulodda holatlar boshqarmasi hamda Turk Qizil yarim oy jamiyati hamkorligida tayyorlangan 25 tonnalik yordam Kayseridagi Erkilet aeroportidan harbiy havo kuchlari samolyoti orqali yetkazib berildi.
Yordam yukida vaqtinchalik boshpana qurish uchun materiallar, gigiyena mahsulotlari, oziq-ovqat to‘plamlari va boshqa zarur vositalar joy olgan.
Ma’lumot uchun, 31 avgustga o‘tar kechasi Afg‘onistonning sharqida joylashgan Kunar viloyatida 6,0 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Oqibatda 1400 dan ziyod inson halok bo‘ldi, 3100 nafardan ortiq kishi tan jarohati oldi va 5412 dan ortiq uy buzildi. Falokatdan keyin Kobul Turkiyadan yordam so‘rab murojaat qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!