Xitoylik olimlar Yerda hayot paydo bo‘lishi haqidagi qarashlarni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kashfyot qilishdi. Ular Tinch okeani tubida avval fanga noma’lum bo‘lgan “Kunlun” deb ataluvchi gidrotermal tizimni topishdi, deb yozmoqda Peopletalk.
Bu tizim Papua – Yangi Gvineyaning shimoliy-sharqida joylashgan bo‘lib, yigirmaga yaqin kraterdan tashkil topgan. Eng kattasining kengligi 1,8 km, chuqurligi esa 130 metrga yetadi. Olimlar ularni “quvurlar to‘dasi” deb atashgan, chunki bu yerdan ulkan miqdorda vodorod chiqib, butun ekotizim hayotini ta’minlaydi.
“Kunlun” maydoni 11 kvadrat kilometrni tashkil etib, mashhur “Yo‘qolgan shahar”dan ham katta. U yerdagi muhit esa Yerning ilk rivojlanish bosqichlariga o‘xshaydi. Mutaxassislar fikricha, milliard yillar avval hayot aynan shunday vodorod chiqindilari asosida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Tizim shuningdek chuqur suvda yashovchi turli mavjudotlar — qisqichbaqa, naychaqurt, dengiz anemoniyasi va omarlar uchun uy bo‘lib xizmat qiladi. Ular quyosh nurisiz muhitda kimyoviy moddalardan oziqlanadi.
Qizig‘i shundaki, “Kunlun” oddiy vulqon manbalariga o‘xshamaydi: bu yerda harorat 90 darajadan past va tizim okean tizmalarida emas, balki plita markazida joylashgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u dunyodagi suv osti vodorodining 5 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradi.
Olimlar kraterlar asta-sekin shakllanganini aytishmoqda: avval vodorod yer ostida to‘planib, keyin portlab chiqib, izidan yoriq va manbalar qoldirgan. Bu kashfyot fan uchun haqiqatan ham noyob ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!