Bavariyaning Shvabax shahrida joylashgan ko‘p qavatli uy aholisi tungi tinimsiz interkom jiringidan bezib, politsiyaga murojaat qilishdi. The Guardian yozishicha, hodisaning “aybdori” o‘quvchilar emas, balki shilimshiq bo‘lib chiqqan.
Dastlab mahalliy aholi buni maktab bolalari hazillashyapti, deb o‘ylashdi. “Biz allaqachon uxlashga yotgan edik... Odatda soat 22:00 dan keyin eshikni ochmaymiz, shuning uchun qo‘ng‘iroq chalina boshlaganda e’tibor bermadim. Bu bolalar qilayotgan ish bo‘lsa kerak, deb o‘yladim”, — deydi Liza ismli uy aholisi.
Ammo qo‘ng‘iroqlar paytida harakat sensori ishga tushmagan. Vaqt o‘tib, aholi bezovtalikdan charchab, politsiyani chaqirishga qaror qilishdi.
Politsiya xodimlari bilan birgalikda eshik panelini sinchiklab tekshirgan aholi, unda sudralib yurgan shilimshiqni topishdi. “Biz hatto u datchiklardan o‘tayotganda qoldirgan shilimshiq izlarini ham aniq ko‘rdik”, — deya eslaydi mahalliy aholining yana biri.
Ayni vaqtda, Fransiyada esa meduzalar to‘dasi tufayli atom elektr stansiyasi vaqtincha faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!