date

Efiopiya qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi yetkazishni boshlaydi

Efiopiya qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi yetkazishni boshlaydi

Efiopiya tarixiy ahamiyatga ega yirik energetika loyihasini amalga oshirdi — mamlakat hududida Afrika qit’asidagi eng katta gidroelektrostansiya ishga tushirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, seshanba kuni Guba shahrida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmad, shuningdek, Somali, Jibuti va Keniya prezidentlari shaxsan ishtirok etdilar.

Mazkur to‘g‘on qurilishi 2011 yilda Efiopiyaning g‘arbiy qismida, Sudan bilan chegaradan taxminan 30 kilometr uzoqlikda boshlangan edi. Loyihaning umumiy qiymati 4,6 milliard dollarni tashkil etadi. Bu GES 5250 megavatt quvvatga ega bo‘lib, to‘g‘on kaskadi bilan jihozlangan. Asosiy to‘g‘onning balandligi 145 metr, uzunligi esa qariyb 1,8 kilometrni tashkil etadi.

GESning ishga tushirilishi bilan Efiopiya elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamida ikki barobarga oshirishni ko‘zlamoqda. Mamlakat rahbariyatining asosiy maqsadi — aholini to‘liq elektr ta’minoti bilan ta’minlash hamda ortiqcha quvvatni qo‘shni davlatlarga eksport qilish.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Abiy Ahmad GES qurilishi qo‘shnilarga zarar yetkazish uchun emas, balki butun mintaqani barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, loyiha atrofidagi bahslar bir necha yildan beri davom etmoqda. Xususan, Efiopiya 2012 yildan buyon Misr va Sudan bilan GESdan foydalanish tartib-qoidalari bo‘yicha muzokaralar olib borib kelmoqda. Qo‘shni davlatlar ulkan suv omborini bir tomonlama boshqarish imkoniyati ularning milliy xavfsizligi va suv resurslari taqsimotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Efiopiya qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi yetkazishni boshlaydi