Suriya fuqarolar urushi yillarida minglab bolalar ota-onalaridan ajratilib, turli yetimxonalar va muassasalarga joylashtirilgan. Ayrim hollarda ular qarindoshlari qo‘liga berilmagan, balki hujjatlari o‘zgartirilib, begona joylarda saqlangan. Hozir ham ko‘plab oilalar farzandlarining tirik yoki yo‘qligidan bexabar.
BBC va xalqaro hamkor tashkilotlarning tekshiruviga ko‘ra, kamida 323 bola maxfiy ravishda qarindoshlaridan ajratib olingan. Eng ko‘p bola qabul qilgan tashkilotlardan biri Avstriyada joylashgan SOS Children’s Villages International bo‘lgan. Ayrim sobiq xodimlar u yerda bolalar shaxsi o‘zgartirilgani va ular bilan aloqaga ruxsat berilmagani haqida gapirmoqda.
Tashkilot bu ayblovlarni qisman rad etgan, biroq bolalar taqdiri yuzasidan “afsusda ekanini” bildirgan. SOS rahbariyati Suriyadagi muassasalarda bolalar noqonuniy ravishda ota-onasidan ajratilgani bo‘yicha mustaqil tekshiruv boshlashini ma’lum qilgan.
Shu paytda esa yuzlab onalar izlanishda davom etmoqda. Ular bir muassasadan boshqasiga borib, farzandlarini izlashga majbur. Suriyada yangi hukumat ham tekshiruv boshlagan, biroq resurslar yetishmagani bois natija hanuz sezilmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!