date

Isroil va Husiylar o‘rtasidagi o‘t ochish yana kuchaydi

Isroil va Husiylar o‘rtasidagi o‘t ochish yana kuchaydi

10 sentyabr kuni Isroil qurolli kuchlari Yaman poytaxti Sano hamda mamlakatning shimolida joylashgan al-Javf viloyatiga havodan zarbalar berdi. Isroil armiyasi bu hujumlar asosan harbiy lagerlar, husiylar «targ‘ibot» boshqarmasi shtabi va yonilg‘i omboriga qaratilganini ta’kidladi. Biroq husiylar tomoni bu ma’lumotni rad etib, zarbalar fuqarolik infratuzilmalariga yo‘naltirilganini bildirdi.

Reuters yozganidek, mazkur havo hujumlari G‘azoda davom etayotgan mojaro oqibatida Isroil va husiylar o‘rtasidagi qarshi hujumlar silsilasining navbatdagi bosqichiga aylandi. Isroil tomoni o‘z bayonotida: «Bu zarbalar Isroilga qarshi husiylar rejimi tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob sifatida tashkil etildi. O‘sha vaqtda dronlar va yer-yer raketalari Isroil hududiga yo‘naltirilgan edi», — deya ma’lum qildi.

Shu bilan birga, husiylar vakillari Isroilning harbiy obyektlarni nishonga olgani haqidagi bayonotlarni inkor qildi. «Haqiqatda zarbalar sof fuqarolik inshootlariga yo‘naltirilgan. Jumladan, ikki gazeta tahririyatiga ham zarba berildi. Jurnalistlar va oddiy yo‘lovchilar halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar jarohat oldi», — dedi ular. Biroq aniq raqamlar taqdim etilmadi.

Sano aholisining aytishicha, hujumlar ikki tog‘ orasida joylashgan va qo‘mondonlik markazi sifatida foydalaniladigan hududga qaratilgan. Guvohlar esa Isroil zarbalari Husiylar mudofaa vazirligini ham nishonga olganini qayd etdi.

Yamandagi Husiylar sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida 35 kishi nobud bo‘lgan, yana 131 kishi turli darajada jarohatlangan.

Eron ko‘magida harakat qilayotgan husiy kuchlari so‘nggi yillarda Qizil dengizdagi tijorat kemalari va Isroil hududiga qarshi hujumlarini kuchaytirgan. Ular buni G‘azodagi falastinliklarga birdamlik ramzi sifatida talqin qiladi. Isroil esa javoban Yamandagi husiylar nazoratidagi hududlarga, jumladan strategik ahamiyatga ega Hudayda portiga muntazam zarbalar berib kelmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil va Husiylar o‘rtasidagi o‘t ochish yana kuchaydi