date

TikTok taqdiri 17-sentyabrda hal bo‘lishi mumkin

TikTok taqdiri 17-sentyabrda hal bo‘lishi mumkin

AQSH moliya vaziri rasmiy bayonot berib, Vashington Xitoy bilan TikTok’ning Amerikadagi operatsiyalariga mahalliy egalik qilish masalasida kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Vazir Skott Bessent so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga prezident Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin juma kuni imzo qo‘yadi. Biroq Pekin tomoni bu ma’lumotni hozircha tasdiqlamagan. Agar Xitoy rozi bo‘lmasa, 17-sentyabr kuni AQSH hududida platforma to‘liq bloklanishi mumkin.

Trampning ta’kidlashicha, Madridda o‘tgan Xitoy va Amerika o‘rtasidagi savdo muzokaralari samarali kechgan. Uning fikricha, yoshlar uchun muhim bo‘lgan platforma taqdiri yuzasidan zarur kelishuvga erishilgan. Shu bilan birga, TikTok’ning xitoylik egasi o‘zining AQSHdagi operatsiyalari uchun xaridor topishi shart qilib qo‘yilgan. Aks holda, ilovani mamlakatda taqiqlash ehtimoli yuqori.

Ma’lumot uchun, AQSH Oliy sudi bu yil yanvar oyida o‘tgan yil qabul qilingan qonunni tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, agar kompaniya o‘zining Amerikadagi operatsiyalarini topshirmasa, TikTok butunlay taqiqlanishi mumkin. AQSH Adliya vazirligi esa platforma amerikalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lib turishini “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” sifatida baholaydi.

TikTok rahbariyati esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ularning AQSHdagi operatsiyalari to‘liq mustaqil ravishda amal qiladi va Xitoy hukumatiga hech qanday ma’lumot uzatilmaydi. Shuningdek, taqiq qo‘yilishi 170 milliondan ziyod amerikalik foydalanuvchining so‘z erkinligi va ma’lumotlari himoyasini buzishi mumkinligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, bloklash qonuni kuchga kirgandan so‘ng, Tramp yanvar oyida masalaga shaxsan aralashib, taqiqni 75 kunga kechiktirishga rozi bo‘lgandi. Keyinchalik muddat uch marta uzaytirildi va so‘nggi sana sifatida 17-sentyabr belgilandi.

Aytish joizki, avvalroq TikTok’ning ehtimoliy xaridorlari sifatida turli mashhur shaxslar tilga olingandi. Ular orasida Tesla asoschisi Ilon Mask, mashhur bloger va biznesmen MrBeast hamda milliarder investor Frenk Makkurt nomlari qayd etilgan.

Endi esa ko‘zlar 17-sentyabrga qaratilgan. Shu kunda platformaning taqdiri, undagi millionlab foydalanuvchilarning kelajagi ham aniqlanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » TikTok taqdiri 17-sentyabrda hal bo‘lishi mumkin