date

Erdo‘g‘on Isroilga Quddus masalasida keskin javob berdi

Erdo‘g‘on Isroilga Quddus masalasida keskin javob berdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi TEKNOFEST tadbirida so‘zlagan nutqida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga keskin javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, qanday bosimlar bo‘lmasin, Turkiya va musulmon dunyosi Quddusni himoya qilishdan hech qachon chekinmaydi.

Erdo‘g‘an o‘z nutqida Quddus nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat uchun muqaddas joy ekanini ta’kidladi. "Birinchi qiblamiz Quddusga bo‘lgan har qanday tahdid insoniyat sha’niga qilingan hujumdir. Bunday zulm va tajovuzga albatta javob bo‘ladi," - dedi Turkiya rahbari.

Bu so‘zlar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan 15 sentyabr kuni bahsli "Dovud shahri" arxeologik yodgorligiga tashrif buyurganidan keyin aytildi. O‘shanda Netanyaxu miloddan avvalgi VIII asrga oid va Turkiya muzeylarida saqlanayotgan qadimiy "silvan yozuvi" orqali Quddus tarixiga talablarni ilgari surgan va "bu shahar abadiy bizniki" deb e’lon qilgan.

Bunga javoban Erdo‘g‘an nafaqat 2700-yillik yozuv, balki Quddusga tegishli bo‘lgan bir dona tosh ham Isroilga qaytarilmasligini qat’iy ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, "o‘z qo‘llarini begunoh ezilgan 65 ming kishining qoniga bo‘yagan qotillar" Quddus taqdiri haqida o‘zboshimchalik bilan hukm chiqarishga haqli emas.

Turkiya rahbari Quddusni musulmonlar va insoniyat uchun sharaf maskani sifatida ta’riflab, bu muqaddas zaminga qilingan har qanday hujum xalqaro hamjamiyatning qarshiligiga uchrashini ta’kidladi. Bir necha kun oldin Erdo‘g‘an ham Isroil bosh vazirini "Gitler kabi" deb atab, ikki milliard musulmonning umumiy merosi bo‘lgan Quddus hech qachon himoyasiz qolmasligini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin Sharqiy Quddusni bosib olgan va uni o‘zining bo‘linmas poytaxti deb biladi. Xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlatining poytaxtiga aylanishi kerak. So‘nggi yillarda Isroilning Al-Aqso masjidi va boshqa muqaddas qadamjolarga qarshi tajovuzkor harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdo‘g‘on Isroilga Quddus masalasida keskin javob berdi