date

Kiberhujum Yevropaning yirik aeroportlarida parvozlarni izdan chiqardi

Kiberhujum Yevropaning yirik aeroportlarida parvozlarni izdan chiqardi

Collins Aerospace kompaniyasiga qaratilgan kiberhujum Yevropa aviatsiyasida katta muammolarni keltirib chiqardi. Reuters xabar berishicha, butun dunyodagi yirik aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatadigan ushbu korporatsiya texnik nosozlikka duch keldi.

Muammolar, avvalo, elektron ro‘yxatga olish va yuk topshirish tizimlarida qayd etilgan. Heathrow aeroporti bu vaziyat parvozlar kechikishiga sabab bo‘lishi mumkinligini rasman ma’lum qildi.

Brussels Airport va Berlin Airport esa hujumdan jabrlangani haqida alohida bayonot berdi. Belgiya poytaxtidagi aeroportda hodisa juma kuni kechasi ro‘y bergan va avtomatlashtirilgan tizimlar ishdan chiqqan. Hozirda yo‘lovchilar faqat qo‘lda ro‘yxatga olinmoqda.

“Bu holat parvozlar jadvaliga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Achinarlisi, kechikishlar va bekor qilingan reyslar soni ortib bormoqda”, — deyiladi aeroport bayonotida. Ayni vaqtga qadar kamida 10 ta reys bekor qilingan, qolgan uchishlar esa o‘rtacha bir soat kechikmoqda.

Berlin Airport rasmiy saytida navbatlarning uzunligi va yo‘lovchilarning sabr-toqati sinovdan o‘tayotgani yozildi. Muammolarni bartaraf etish uchun texnik xizmatlar jadal ish olib bormoqda. Shu bilan birga, Germaniyaning eng yirik havo yo‘li markazi — Frankfurt Airport hujumdan jabrlanmagani ma’lum qilindi.

Yo‘lovchilar esa vaziyatdan qattiq norozi. Berlinlik Kim Rayzen shunday dedi: “Bizga faqat texnik nosozlik deyishdi, ammo batafsil ma’lumot berishmadi”. Zigfrid Shvars esa xavotirini yashirmadi: “Bugungi texnologiyalar asrida bunday hujumdan himoyalanishning iloji yo‘qligi aqlga sig‘maydi”.

Collins Aerospace’ning modar kompaniyasi RTX bayonot bilan chiqib, buzilishlar haqiqatdan ham ayrim aeroportlarda sodir bo‘lganini tasdiqladi. Ularga ko‘ra, hozircha muammo faqat ro‘yxatga olish va yuk topshirish jarayonlariga ta’sir qilgan. Kompaniya muammoni vaqtincha qo‘lda amalga oshiriladigan jarayonlar orqali hal etishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, yirik aviakompaniyalardan biri EasyJet o‘z reyslari odatdagi tartibda amalga oshirilayotganini va hozircha bu hodisa parvozlarga ta’sir ko‘rsatmaganini ma’lum qildi.

Yevropa aviatsiya sohasidagi ushbu kiberhujum mutaxassislarni jiddiy tashvishga soldi. Chunki bunday hujumlar nafaqat texnik, balki xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy xatarlarni o‘z ichiga oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiberhujum Yevropaning yirik aeroportlarida parvozlarni izdan chiqardi