Janubiy Koreyada yashovchi 50 yoshli erkak ikki yil davomida zerikib politsiyaga deyarli 60 ming marta telefon qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Korea Herald xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u shu vaqt ichida jami 58 307 marta qo‘ng‘iroq qilgan, ya’ni kuniga o‘rtacha 80 marta. Eng yuqori faollik 2024 yil may oyiga to‘g‘ri kelgan — to‘rt kun ichida erkak huquq-tartibot idoralariga qariyb 2000 marta murojaat qilgan.
Ma’lum qilinishicha, u avvalroq telefon orqali bezovta qilgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan, yangi qonun loyihasi esa unga juda yoqmagan. Shuning uchun u politsiyaga qayta-qayta murojaat qilishni davom ettirgan.
Qo‘ng‘iroqlar jarayonida erkak turli yolg‘on bayonotlar bergan: hatto ukasini o‘ldirish bilan tahdid qilgan yoki so‘nggi 10 yildan beri asirlikda saqlanayotganini aytgan. Tekshiruv natijasida 50 dan ziyod qo‘ng‘iroq og‘ir jinoyatlar qatoriga kirishi aniqlangan.
Ayni vaqtda u xizmat burchlariga to‘sqinlik qilgani uchun tergov qilinmoqda. Erkak politsiya bilan bog‘lanishga bo‘lgan bunday urinishlarini o‘zining yolg‘izligini yengish usuli sifatida izohlagan. U ko‘p hollarda uyda yolg‘iz ichib olib, keyin politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishni odat qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uni besh yilgacha qamoq yoki 10 million von miqdorida jarima kutishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!