date

Dronlar uchun ikki milliard: Ukrainaga yangi yordam

Dronlar uchun ikki milliard: Ukrainaga yangi yordam

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga dron ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki milliard yevro ajratadi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina Yevropa uchun birinchi mudofaa chizig‘i hisoblanadi va shu bois harbiy yordam kuchaytirilishi shart. “Shuning uchun biz dronlar uchun jami ikki milliard yevro ajratishga kelishib oldik”, – dedi u.

Ajratilgan mablag‘lar Kiyevning mudofaa salohiyatini oshirish bilan birga, Yevropa Ittifoqiga ham zamonaviy dron texnologiyalaridan foydalanish imkonini beradi.

So‘nggi paytlarda YEI mamlakatlari Rossiya dronlari xavfidan jiddiy tashvishga tushmoqda. Polsha havo hududiga kirib kelgan yigirmadan ortiq dronlar katta bahslarga sabab bo‘ldi. Ekspertlar ularni qiruvchi samolyotlar yordamida yo‘q qilish juda qimmat ekanini va bu kelgusida zaiflikka aylanishi mumkinligini ta’kidlashdi.

Shu bois Yevrokomissiya “dronlar devori” loyihasini taklif etdi. Unga ko‘ra, YEI mamlakatlari arzonroq himoya tizimlarini birgalikda xarid qilishi rejalashtirilgan. Dastlab bu tashabbus faqat sharqiy chegaralarda amalga oshirilishi aytilgan bo‘lsa-da, keyinroq noma’lum dronlar Daniyada ham ko‘paya boshlaganidan so‘ng, uni butun YEI hududi bo‘ylab kengaytirish taklifi bildirildi.

Yevropa Ittifoqi shu bilan birga Ukraina bilan “dronlar ittifoqi” tuzish niyatida. Chunki urush boshlangandan beri Ukrainada dron ishlab chiqarish keskin oshdi. Agar 2022 yilda faqat minglab dronlar tayyorlangan bo‘lsa, 2025 yilga kelib oyiga yuz minglab qurilmalar ishlab chiqarilyapti.

Shuningdek, Ukrainada maxsus qo‘shin turi – uchuvchisiz tizimlar kuchlari ham tashkil etilgan. Sentyabr oyi oxirida esa bosh qo‘mondon Oleksandr Sirskiy qurolli kuchlarda dronlarga qarshi alohida mudofaa tizimlari yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dronlar uchun ikki milliard: Ukrainaga yangi yordam