9-oktyabr kuni kechqurun Afg‘oniston poytaxti Kobulda ro‘y bergan kuchli portlash natijasida «Tahriki Toliboni Pokiston» (TTP) guruhi yetakchisi Nur Vali Mahsud halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalariga tayanib Asia-Plus xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash Kobulning markaziy qismida — Abdulhaq chorrahasi yaqinida hamda Kart-e-Nou, Shahr-e-Nou, Taymani va Xayrxon tumanlarida sodir bo‘lgan. Mahalliy fuqarolarning so‘zlariga qaraganda, havodan berilgan zarba oqibatida Land Cruiser rusumli avtomobil portlab ketgan. Unda TTP yetakchisi, 47 yoshli Nur Vali Mahsud bo‘lgani ma’lum qilindi.
Mahsud 2018-yilda mulla Fazlulloh halok bo‘lganidan keyin guruh rahbari etib tayinlangan va shu paytdan beri Pokiston hukumati tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan edi. Manbalarning ta’kidlashicha, u jangarilar tarmog‘ini moliyalashtirish maqsadida odam o‘g‘irlash va talonchilik bilan ham shug‘ullangan.
«Tolibon» harakati rasmiy vakili Zabihullo Mujohid portlash sodir bo‘lganini tasdiqlab, hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Ammo harakat ichidagi ayrim manbalar Afghanistan International agentligiga ma’lum qilishicha, hujum Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo zarbasi natijasida sodir bo‘lgan.
Bu hodisa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Islomobod tomoni Afg‘oniston hududida TTP jangarilari yashirilayotganini bir necha bor ayblov sifatida bildirgan edi.
Hujumdan so‘ng Pokiston mudofaa vaziri Xo‘ja Asif ijtimoiy tarmoq orqali bayonot berib, Kobuldagi havo hujumlariga bevosita ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston toliblari Pokistonlik jangarilarni panohga olgani uchun javob berishi lozim. “Biz terrorchilar va ularni qo‘llab-quvvatlayotganlarga nisbatan sabrimizni yo‘qotdik”, — deb yozdi vazir.
Afg‘onistonning BMTdagi vakili Nosirahmad Foiq esa mazkur harakatni mamlakat hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzish, ya’ni tajovuz sifatida baholadi. U “har qanday bahona ostida bunday noqonuniy harakatlar amalga oshirilishi mumkin emas, chunki bu mintaqada tinchlik va barqarorlikni izdan chiqaradi”, — deya ta’kidladi.
Manbalar ma’lumoticha, hodisadan so‘ng Kobuldagi toliblar qo‘mondonlari ogoh holatga keltirilgan. Mahalliy OAVlar bu voqeani Pokistonning Afg‘oniston hududidagi ilk havo amaliyoti emasligini eslatdi.
Sentyabr oyi oxirida Mozori Sharif shahrida “Islom Davlati – Xuroson” bo‘limi qo‘mondoni Muhammad Ehsoniy maxsus xizmatlar amaliyotida yo‘q qilingani haqida ham xabar berilgandi.
Kobuldagi oxirgi hodisa esa ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat yana avj olayotganini ko‘rsatmoqda — tinchlik so‘zidan ko‘ra tutun va portlash sadolari yangrayotgan bir vaziyatda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!