Nyu-Yorkda yashovchi tadbirkor ayol Steysi Dennett sun’iy intellekt yordamida sud jarayonini yutdi. U advokat yollamay, barcha himoya ishlarini ChatGPT orqali tayyorlab, 2 ming dollarlik qarz majburiyatidan qutulib qoldi, deb xabar berdi mahalliy OAVlar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dennett Nyu-Meksiko shtatidan bo‘lib, uy sharoitida fitnes bilan shug‘ullanuvchi kichik biznes sohibi hisoblanadi. Sudga chaqiruv qog‘ozi olganidan keyin u advokat xizmati narxini ko‘tara olmagan va shunday paytda ChatGPT’ni sinab ko‘rishga qaror qilgan.
“Men ilgari sud ishlari bilan shug‘ullanmaganman. Lekin ChatGPT’dan ishda ham, shaxsiy hayotimda ham tez-tez foydalanaman”, — deydi tadbirkor.
Sun’iy intellekt uning himoya nutqini tayyorlashda, dalillarni tizimlashtirishda va sud jarayoni uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam bergan. Dennett hatto ChatGPT’ga “o‘zini Garvard professori deb tasavvur qilib”, hujjatlarni tanqidiy tahlil qilishni so‘ragan.
Natijada, sud jarayoni ayol foydasiga hal bo‘lgan. Qarz miqdori qisqartirilgan, masala tinch yo‘l bilan yopilgan. Suddan keyin qarshi tomon advokatlari unga elektron pochta orqali: “Siz huquq sohasiga qiziqsangiz, bu ishni bemalol kasbingizga aylantiring”, deb yozishgan.
Bu kabi holatlar AQShda yangilik emas. Masalan, Los-Anjelesda yashovchi Linn Uayt ham uy ijarasi bo‘yicha sudda ChatGPT va Perplexity vositalari yordamida huquqiy xatolarni topib, 55 ming dollarlik jarima va 18 ming dollar qarzdan ozod bo‘lgan.
Yana bir amerikalik — Jennifer Allan esa “30 kunlik ChatGPT maslahatlari” orqali 11 ming dollarlik qarzini to‘lashga muvaffaq bo‘lgan. U sun’iy intellektdan shaxsiy byudjetni rejalashtirish va xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha kundalik tavsiyalar olgan.
Bunday voqealar sun’iy intellektning huquqiy va moliyaviy sohalarda ham insonga amalda yordam bera olishiga yana bir isbot bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!