9 oktyabr kuni AQShning Virjiniya shtatidagi sudyalar hay’ati siyosiy maydonda yangi shov-shuvli qaror qabul qildi. Prezident Donald Trampning asosiy raqiblaridan biri sanalgan Nyu-York bosh prokurori Letisiya Jeyms bank firibgarligida ayblandi. Bu haqda mahalliy OAVlar xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jeyms 2020 yilda Virjiniyada joylashgan ko‘chmas mulkni sotib olish uchun qulay kredit olish maqsadida soxta ma’lumot taqdim etgan, degan gumon bilan tekshiruvga tortilgan.
Qizig‘i shundaki, xuddi shunday ayblovlar avvalroq Trampning yana bir tanqidchisi — FBRning sobiq direktori Jeyms Komiga nisbatan ham ilgari surilgandi.
Ikkala ishni ham Donald Tramp tomonidan tayinlangan prokuror Lindsi Halligan boshqarmoqda. Uning oldingi hamkori esa bu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun yetarli asos yo‘qligini aytganidan so‘ng iste’foga chiqqandi.
Ayblovlar yuzasidan chiqish qilgan Letisiya Jeyms barcha da’volarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatning barchasi “siyosiy intiqom” bilan bog‘liq.
— Tramp faqat shaxsiy manfaat va qasos ruhi bilan harakat qilyapti, — dedi Jeyms matbuot anjumanida.
Sentyabr oyida Tramp ijtimoiy tarmoqda Jeyms, Komi va demokrat senator Adam Shiffni “tergov hali boshlanmagan”i uchun tanqid qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, AQSh Adliya vazirligi haqiqatan ham Komiga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qildi, shuningdek, Shiff va Jeyms bo‘yicha ham tergov boshlandi.
Prezidentning yaqin ittifoqchilaridan biri, Federal uy-joy moliyasi agentligi rahbari Bill Palt ularni hujjatlarni soxtalashtirishda ayblagan, biroq bu iddaolarni isbotlaydigan dalillar keltirmagan.
Tahlilchilar fikricha, mazkur voqea AQShdagi siyosiy kurashning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Bir tomonda — prezidentning jinoyat ishlarida ayblanayotgan raqiblari, ikkinchi tomonda — Trampning o‘zini siyosiy revanshga tayyorlayotgan harakatlari.
Hozircha Letisiya Jeyms ishni sud orqali rad etish niyatida ekani va o‘z aybsizligini isbotlash uchun barcha huquqiy choralarni ko‘rayotganini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!