AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan mojaro haqidagi fikrlarini yana bir bor oshkor qildi. U 14 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya rahbari Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlab, bu urush uning ko‘z o‘ngida “behuda va halokatli jarayon”ga aylanganini bildirdi, deb yozdi CNN.
Tramp ta’kidlashicha, u Putin bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan va bu aloqa hali ham ma’lum darajada saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Ammo AQSh prezidentining fikricha, Moskva rahbari urushni to‘xtatish bo‘yicha aniq qaror qabul qilishi lozim.
— Mening hafsalam pir bo‘ldi, chunki Vladimir bilan munosabatlarimiz haqiqatan ham yaxshi edi. Ammo u bu urushni yakunlashi kerak. Hozir Rossiyada odamlar benzin uchun uzun navbatlarda turishmoqda. Bu iqtisodiy inqirozning boshlanishi bo‘lishi mumkin, — dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Putin urushni to‘rt yil emas, bir hafta ichida tugatishi mumkin bo‘lgan. Ammo u shunday qilmagan va bu qaror Rossiyaning tashqi va ichki imijiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
— Men tushunmayman, nega u bunday urushni davom ettirmoqda. Bu to‘rt yillik mojaroni bir haftada hal qilish mumkin edi. Ular 1,5 millionga yaqin askarini yo‘qotdi. Bu Putin uchun ham, Rossiya uchun ham og‘ir yo‘qotish, — dedi Tramp.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uzoqqa cho‘zilgan mojaro Putinning xalqaro maydondagi mavqeini susaytirgan va uni “juda yomon ko‘rinishda” namoyon etmoqda.
— U buni tezda tugatishi mumkin edi. Ammo u shunday yo‘l tutmadi. Menimcha, urush uning davlat rahbari sifatidagi obro‘siga juda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Shuningdek, AQSh prezidenti 17 oktyabr kuni Vashingtonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘ladigan uchrashuv haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, Zelenskiy muzokaralarda qurol-aslaha masalasini ko‘taradi.
— Juma kuni u keladi. Va men u nima demoqchi ekanini bilaman — u qurollar haqida so‘raydi. U “Tomagavk”larni xohlaydi. Bizda ular yetarli miqdorda bor. Hatto Argentinaga ham kerak bo‘lib qolar, balki, — deya Tramp matbuot anjumanida ishtirok etgan Argentina prezidenti Xaver Milege sho‘xlik bilan murojaat qildi.
Trampning bu bayonoti AQSh va xalqaro OAVda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrim tahlilchilar uning so‘zlarini Rossiyaga bosimni kuchaytirish sifatida baholasa, boshqalar Trampning Putin bilan munosabatlariga ishora qilib, bu orqali u ichki siyosiy obro‘sini mustahkamlamoqchi ekanini ta’kidlashdi.
Shunday qilib, AQSh prezidentining navbatdagi chiqishi Rossiya–Ukraina mojarosi bo‘yicha yangi bahslarga turtki bo‘ldi. Uning “Putin bu urushni tez tugatishi mumkin” degan gapi esa siyosiy doiralarda katta rezonans keltirib chiqardi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!