Madagaskardagi so‘nggi siyosiy voqealar mamlakat tarixida yangi sahifa ochdi — harbiy to‘ntarishdan so‘ng 51 yoshli polkovnik Maykl Randrianirina rasman mamlakatning yangi prezidenti sifatida qasamyod qildi. Konstitutsiyaviy sud 17 oktyabr kuni uni “respublika tiklanishi davri rahbari” sifatida tan oldi.
Randrianirina boshchiligidagi Capsat maxsus bo‘linmasi 14 oktyabr kuni hokimiyatni qo‘lga kiritganini e’lon qilgandi. Endi u rasman davlat rahbari sifatida mamlakatni o‘tish davrida boshqarishni o‘z zimmasiga oldi.
Yangi prezident sud tomonidan talab qilingan 60 kunlik muddatni rad etib, saylovlar 18–24 oy ichida o‘tkazilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Madagaskar fuqarolik boshqaruviga qaytishdan oldin tub islohotlar bosqichidan o‘tishi lozim.
Inauguratsiya marosimida fuqarolik kiyimida nutq so‘zlagan Randrianirina vaziyatni “tarixiy burilish nuqtasi” deb atadi. U yosh avlodning ijtimoiy va iqtisodiy talablariga javob berish, shu orqali mamlakatda barqarorlikni ta’minlashga va’da berdi.
Tantanada Germaniya, Fransiya, AQSh, Xitoy va Rossiyadan yuqori martabali harbiylar, diplomatlar va siyosatchilar ishtirok etdi. Bu esa yangi hukumatning xalqaro maydonda ham diqqat markazida ekanligini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, Madagaskarning sobiq prezidenti Andri Radzuelina ommaviy noroziliklardan so‘ng mamlakatni tark etgani ma’lum qilindi. Parlament uni hokimiyatdan chetlatdi, ammo Radzuelina tomonidan uning vakillari hali ham uni “qonuniy davlat rahbari” sifatida e’tirof etmoqda.
Ma’lumot uchun, Radzuelina 2009 yilda to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan va 2019 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan edi. Endi esa Madagaskar yana harbiy rahbarlik ostidagi yangi siyosiy yo‘lni boshlamoqda.
Yangi prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “Madagaskar endilikda yangi boshlanish ostonasida turibdi” — bu orqali u xalqaro hamjamiyat va xalq oldida islohotlar davrini boshlashga bel bog‘laganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!