
28 oktyabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida voqealar faqat mamlakatni emas, butun dunyoni ham shokka soldi. Shahar tarixidagi eng qonli politsiya amaliyoti o‘tkazildi, deb xabar berdi nytimes.com. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya “Qizil qo‘mondonlik” deb ataluvchi jinoiy to‘daga qarshi yo‘naltirilgan bo‘lgan.
Rio shtati hukumati bu reydni tarixdagi eng yirik xavfsizlik amaliyoti deb atadi. Ilk ma’lumotlarga ko‘ra, faqat birinchi kundayoq 64 nafar kishi halok bo‘lgan, ular orasida 4 nafar politsiya xodimi ham bor edi. Biroq 30-oktyabrga kelib, qurbonlar soni ikki barobarga oshib, 132 nafarga yetdi. Shu bilan birga, hali ham aniq hisob ochiqlanmagan — bu esa jamoatchilik orasida jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, halok bo‘lganlar orasida oddiy fuqarolar ham bo‘lishi mumkin. New York Times nashri mahalliy guvohlarga tayanib xabar berishicha, ko‘plab jasadlar Rioning chetidagi bo‘sh maydonga terib qo‘yilgan. Ularning ko‘pchiligi yalong‘och holatda bo‘lgan — bu yaqinlari tanib olishni osonlashtirish uchun qilingan deb taxmin qilinmoqda. Keyinchalik yaqindagi o‘rmon hududidan yana o‘nlab jasadlar topilgan.
Operatsiya qanday o‘tgani, qurbonlar orasida begunoh odamlar bor-yo‘qligi va bu holat uchun kim javobgar ekani masalalari hozircha ochiq qolmoqda. Rasmiylardan biri chorshanba kuni “asosiy maqsad — to‘da rahbarini qo‘lga olish bajarilmadi”, deb tan oldi.
Fojianing boshlanishi mahalliy aholi xotirasida juda og‘ir saqlanmoqda. Guvohlarning aytishicha, 28-oktyabr tong soat 3:30 atrofida itlar hurishidan keyin hamma narsa boshlangan. Oradan ko‘p o‘tmay, internet va elektr ta’minoti uzilgan, tong yorishishidan avval esa o‘q otish ovozlari eshitilgan.
Hududga 2,500 dan ortiq politsiyachi kiritilgan, ular zirhli mashinalarda harakatlanib, giyohvand moddalar savdosiga aloqador “Qizil qo‘mondonlik” guruhi a’zolarini qidirishgan. Havo ustida ikki politsiya vertolyoti parvoz qilgan.
Rio shahri jinoyatchilik va politsiya o‘rtasidagi qarshiliklarga ancha o‘rgangan bo‘lsa-da, bu galgi voqea miqyosi va qurbonlar soni bilan fuqarolarni larzaga soldi. Ko‘pchilik buni shahardagi eng katta fojia deb atadi.
Rio hokimiyati so‘nggi yillarda jinoiy tuzilmalarga qarshi keskin choralar qo‘llab kelgan. Shtat gubernatori Klaudio Kastro esa bu reydni muvaffaqiyat deb baholadi — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 113 kishi hibsga olingan, 118 dona qurol va qariyb bir tonna giyohvand modda musodara qilingan.
Ammo jamoatchilik orasida boshqa fikrlar ham bor. Ko‘plab fuqarolar bu amaliyotni “adolat emas, jinoyat” deb baholamoqda. Ular politsiyaning kuch ishlatish darajasi va inson hayotiga nisbatan beparvoligidan norozi.
Rioda bo‘lgan bu voqea nafaqat Braziliya, balki butun Lotin Amerikasi uchun signal bo‘lib xizmat qilmoqda — davlat xavfsizlik tizimlarining kuch ishlatish siyosati va uning oqibatlari haqida jiddiy mulohaza yuritish vaqti keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!