date

Britaniya qiroli ukasi Endryuni rasman unvonlardan mahrum qildi

Britaniya qiroli ukasi Endryuni rasman unvonlardan mahrum qildi

Buyuk Britaniya qirolining ukasi, shahzoda Endryu barcha rasmiy unvonlaridan mahrum etildi va endi u Vindzor qasridagi qirollik rezidensiyasini ham tark etadi. Bu haqda 30-oktyabr kuni Bukinhem saroyi rasman ma’lumot berdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, shahzoda Endryuga Royal Lodge nomli rezidensiya bo‘yicha ijara shartnomasini bekor qilish haqida rasmiy xabarnoma yuborilgan. Uning o‘rniga endi Endryu Norfolk grafligida joylashgan Sandrinhem mulkiga ko‘chib o‘tadi. Ma’lum qilinishicha, uning yashash xarajatlarini shaxsan qirol Charlz III o‘z mablag‘laridan qoplaydi.

Bu qaror shahzoda Endryuning nomini uzoq yillardan beri soya ostida qoldirgan mojaro — amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq jinsiy ayblovlar fonida qabul qilindi. Eslatib o‘tamiz, Epshteyn 2019-yilda qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan va unga voyaga yetmaganlar savdosi bilan shug‘ullanganlik ayblovi qo‘yilgan edi.

Bukinhem saroyi bildirishicha, shahzoda Endryu ayblovlarni rad etishda davom etmoqda, biroq qirol Charlz III uning barcha rasmiy unvonlaridan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

“Bu choralar zarur, deb hisoblandi. Qirol har qanday zo‘ravonlik qurbonlari va jabrdiydalar bilan birdam ekanini qat’iy ta’kidlaydi”, — deyiladi saroy bayonotida.

Endryuning nomiga bo‘lgan tanqidlar yana avj oldi, chunki yaqinda marhum Virjiniya Juffre haqidagi xotiralar nashr etilish arafasida u Epshteyn orqali shahzoda bilan 17 yoshida jinsiy aloqada bo‘lganini da’vo qilgan parchalar jamoatchilikka ma’lum qilindi.

Saroy ma’lumotiga ko‘ra, endi shahzoda rasman “Endryu Mauntbetten-Vindzor” nomi bilan yuritiladi. Bu unga nisbatan rasmiy “shahzoda” unvonining tugatilganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, Endryu bu yil oktyabr oyida York hersogi unvonidan ham voz kechganini e’lon qilgan edi. Unga nisbatan choralar 2022-yildayoq boshlangan bo‘lib, o‘shanda u bir qator harbiy va faxriy unvonlaridan mahrum etilgan hamda qirollik vazifalaridan chetlatilgan edi.

Shu bilan birga, unvondan mahrum etish uni taxt vorisligi ro‘yxatidan chiqarmaydi. Endryu hozir ham Britaniya monarxiyasi meros tartibida sakkizinchi o‘rinda qolmoqda.

Tahlilchilar fikricha, qirol Charlzning bu qat’iy qadami monarxiya obro‘sini saqlash va jamoatchilik ishonchini tiklash uchun muhim siyosiy va axloqiy signal sifatida qabul qilinmoqda. Buyuk Britaniya jamoatchiligi esa hodisani “qirollik nufuzini tiklash yo‘lidagi qadam” sifatida baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniya qiroli ukasi Endryuni rasman unvonlardan mahrum qildi