date

G20 sammitida uch yetakchi yo‘q, Xitoyni Li Syan boshqaradi

G20 sammitida uch yetakchi yo‘q, Xitoyni Li Syan boshqaradi

Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi G20 sammitida an’anaviy tarkibdan keskin farq qiladigan vaziyat kuzatilmoqda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligining 13-noyabr kuni e’lon qilishicha, mamlakat nomidan sammitda davlat rahbari Si Jinping emas, balki davlat kengashi bosh vaziri Li Syan ishtirok etadi.

Ma’lum qilinishicha, JAR hukumatining rasmiy taklifiga asosan Li Syan 21–23-noyabr kunlari Yohannesburg shahrida o‘tadigan «Yigirmatalik guruhi» sammitida Pekin nomidan qatnashadi. Bu uning G20 sahnasidagi ikkinchi ishtiroki: o‘tgan yili Nyu-Dehlida o‘tgan sammitda ham aynan u Xitoy delegatsiyasiga rahbarlik qilgan edi.

Biroq bu yilgi yig‘ilishning eng diqqatga sazovor jihati — 2008-yildan buyon birinchi marta G20’ning uchta eng yirik ishtirokchi davlati rahbarlarisiz o‘tkazilayotganidir. AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin sammitda qatnashishdan bosh tortdi.

Tramp bunga JAR hukumatining «mutlaqo yomon siyosat» yuritishi sabab bo‘lishini aytgan va AQSH bu sammitda umuman qatnashmasligini bildirgan. Undan oldinroq, Siril Ramafosa Oq uyga qilgan tashrifi davomida Tramp uni JARda «oq tanli fermerlarni ommaviy o‘ldirish»da ayblab, keskin bayonot bergani ham yodda.

Moskva tomonidan esa Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin sammitga shaxsan bormasligini, lekin Rossiya delegatsiyasi «lozim darajada» qatnashishini ma’lum qilgan.

Shu tariqa, Yohannesburg sammiti global siyosiy sahnadagi yetakchilar almashinuvi, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangicha dinamika va katta kuchlar formatining o‘zgarib borayotganini yana bir bor namoyon qilmoqda.

Sammitda Li Syanning ishtiroki Pekinning global muloqotdagi mavqeini saqlash, iqtisodiy va geosiyosiy aloqalarda barqaror ishtirokni davom ettirish niyatini ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » G20 sammitida uch yetakchi yo‘q, Xitoyni Li Syan boshqaradi