
AQSHdagi siyosiy sahna yana jonlandi — Donald Trapm ma’muriyati Ukrainadagi urishni to‘xtatishga qaratilgan yangi, maxfiy diplomatik tashabbus bilan Rossiya prezidenti bilan sukutda muzokara boshlagani haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Amerikaning nufuzli Axios portali 19 noyabr kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, bu jarayonda ikki davlat mansabdor shaxslari faol ishtirok etmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan 28 banddan iborat maxsus tinchlik loyihasi Ukrainadagi mojaroni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilgan. Hujjat to‘rt asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: Ukrainada barqaror tinchlik o‘rnatish, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha yangi mexanizmlar, Yevropada xavfsizlik arxitekturasini qayta ko‘rib chiqish va Vashingtonning Moskva hamda Kiyev bilan kelgusi diplomatik munosabatlarini yangicha shakllantirish.
Ayni paytda, Trampning maxsus vakili sifatida ish olib borayotgan Stiven Uitkoff mazkur reja ustida faol ishlamoqda. U bir necha hafta avval Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan AQSHda uzoq muhokamalar o‘tkazgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Dmitriyev 24–26-oktyabr kunlari Mayamiga kelib, uch kun davomida Uitkoff va Tramp jamoasi vakillari bilan bir qator yopiq uchrashuvlarda qatnashgan. U o‘zining X (avvalgi Twitter) tarmog‘ida ushbu uchrashuvlar “samarali, mazmunli va tinchlik yo‘lida yangi bosqich” ekanini ta’kidlab, iqtisodiy hamkorlik va savdo sohasida ham ba’zi takliflar muhokama qilinganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Axios tinchlik rejasining to‘liq tafsilotlari yopiq holatda qolganini, ayniqsa Ukraina hududlariga doir masalalar va tomonlarning aniq pozitsiyalari ochiqlanmaganini qayd etadi. Ammo portalning yangi xabariga ko‘ra, Rossiya va AQSH yaqin vaqt ichida navbatdagi mahkumlar almashinuvi imkonini ham muhokama qilgan.
Ayni paytda ekspertlar bu jarayonni AQSHning yangilangan tashqi siyosat strategiyasi, shuningdek, Trampning G‘azo sektoridagi keskin vaziyatni yumshatishdagi so‘nggi faol harakatlaridan ilhomlangan yangi diplomatik qurol sifatida baholamoqda.
Hozircha rejaning ochiq-oydin bandlari e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, Vashington va Moskva o‘rtasidagi bunday faol muloqot Ukraina atrofidagi urishda yangi sahifa ochishi mumkinligi haqida so‘zlar tobora ko‘paymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.