
AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat davomida Ukrainadagi urush taqdiri Kiyevning qarorlariga bog‘liqligini ochiq bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, Vashington tomonidan Ukraina rahbariyatiga taqdim etilgan yangi «tinchlik rejasi» — bu frontdagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun kamdan kam uchraydigan imkoniyatdir. Trampning fikricha, Zelenskiy ushbu taklifni rad etsa, urush o‘z avji bilan davom etaveradi.
Prezidentning qat’iy bayonotiga ko‘ra, har qanday muzokarada taraflarning imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. «Yaqinda unga shu yerda, Oval kabinetida ochiq aytganman: “Senda kartalar yo‘q”,» — dedi Tramp, Ukraina mavqeining zaiflashganini uqtirgan holda. Unga ko‘ra, Kiyev axborot va harbiy jihatdan og‘ir bosim ostida qolgan, ayniqsa qish mavsumi kelishi bilan iqtisodiy va energetik inqiroz yanada chuqurlashishi mumkin.
Tramp Ukraina energetika tizimiga bir necha bor amalga oshirilgan ommaviy hujumlar shiddatini eslab o‘tdi. Uning fikricha, yaqinlashib kelayotgan qattiq qish Kiyevni istalmagan bo‘lsa-da, keskin siyosiy qarorlarni qabul qilishga majbur etishi mumkin. «Har qanday holatda, Zelenskiy baribir tanlov oldida qoladi», — dedi AQSH rahbari.
Bu orada ayrim xalqaro nashrlar Tramp va Zelenskiy yaqin kunlarda uchrashishi mumkinligini yozmoqda. Unga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari aynan «tinchlik rejasi»ning asosiy bandlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishi kutilmoqda. Reuters agentligi esa AQSH rasmiylari Kiyevni kelishuvga rozi qilish maqsadida qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlarini yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatish ehtimolini tilga olganini xabar qildi.
Yaqin vaqt ichida Kiyevning qanday yo‘l tanlashi Ukraina urushi dinamikasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Vashingtonning «so‘nggi imkoniyati» sifatida ko‘rilayotgan ushbu tashabbus Yevropa xavfsizlik manzarasining keyingi bosqichini belgilab berishi turgan gap.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.