
Qozog‘iston Respublikasida migrantlarni ro‘yxatga olishga oid yangi qoidalar tasdiqlanib, kelgusi yil 1 iyuldan amalga tatbiq etiladi. Bu hujjat 2025 yil 17 noyabrda ichki ishlar vaziri tomonidan imzolangan. Undan ko‘zlangan bosh maqsad — migratsiya politsiyasining axborot tizimi (IS MP) orqali ro‘yxatga olish jarayonini to‘liq raqamli shaklga o‘tkazishdir. Bu talablar, ayniqsa, 90 kungacha vizasiz qolish huquqiga ega bo‘lgan barcha xorijliklarga, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolariga ham tegishli.
Ro‘yxatdan o‘tishning yangi raqamli tartibi
Xorijlik shaxs avvalgi tartibga muvofiq, chegarani kesib o‘tgan kundan boshlab 30 kalendar kundan kechiktirmay qayddan o‘tishi talab etiladi. Ammo endi jarayon to‘liq raqamlashtiriladi. Migrant shaxsiy ma’lumotlari, yashash manzili va uy-joy bergan shaxs to‘g‘risidagi barcha axborotlarni IS MP tizimiga kiritadi.
Eng muhim yangilik shundaki, uy-joyni taqdim etuvchi shaxs mobil ilova orqali maxsus xabarnoma oladi va ro‘yxatdan o‘tishni elektron tasdiqlashi yoki rad etishi shart. Tasdiqlangandan so‘ng, migrantning kabinetida avtomatik ravishda elektron ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi ma’lumotnoma paydo bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish turar joylarda, mehmonxonalarda, yotoqxonalarda va boshqa yashashga mo‘ljallangan joylarda mumkin.
Manzilni o‘zgartirish va jazo choralari
Notog‘ri ma’lumotlar, Qozog‘istonda bo‘lish muddatini buzish yoki qabul qiluvchi tomonning tasdiqlashdan bosh tortishi qayddan o‘tishni rad etishga sabab bo‘ladi. Agar migrant turar joyini almashtirsa, 5 ish kunida yangi manzil bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish kerak. Eski manzil esa tizim tomonidan avtomatik ravishda o‘chiriladi.
Ushbu talablarga rioya qilmaslik jarimalar, ro‘yxatdan o‘tishni rad etish va hatto deportatsiyaga ham olib kelishi mumkin.
Elektron tizimning afzalliklari va tavsiyalar
Yangi elektron tizim migrantga o‘z huquqiy holatini oson nazorat qilish, ma’lumotnomani elektron kabinetida ko‘rish va politsiya bilan nizoli vaziyatlardan qochish imkonini beradi.
Qozog‘istonga yo‘l olgan O‘zbekiston fuqarolariga asosiy tavsiyalar:
Yashash manzili qabul qiluvchi tomon tomonidan albatta tasdiqlanganiga ishonch hosil qiling.
Ro‘yxatdan o‘tishning 30 kunlik muddatini o‘tkazib yubormang.
Manzilni o‘zgartirganda besh ish kuni ichida ma’lumotlarni yangilang.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.