
Rossiyaning ayrim mintaqalarida, xususan, Rostov shahrida, mehnat migrantlarini frontga jalb qilishning yangicha nayrangi paydo bo‘ldi. Shaharda ishlab kelayotgan hamyurtimiz Kun.uz'ga murojaat qilib, patent rasmiylashtirish vaqtida migrantlardan maxfiy ravishda harbiy kontrakt bilan bog‘liq hujjatlarga imzo qo‘ydirilayotganini ma’lum qildi. Bu migrantlarning huquqlarini buzishga qaratilgan tizimli bosimdan dalolat beradi.
Yopiq eshiklar ortidagi majburlash
Yurtdoshimiz patentni yangilash uchun ro‘yxatdan o‘tishga borganida mutlaqo nokutilgan vaziyatga tushganini bayon qildi. "Oldimga bir nechta hujjat qo‘yishdi. Orasida urushga chaqiruv mazmunidagi qog‘ozlar ham bor ekan", — deydi u. Aynan o‘sha qog‘ozda Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzish tartibi va imtiyozlari bilan tanishgani tasdiqlanishi talab qilingan.
U buni rad etganidan so‘ng, hujjatlarni bergan xodima pasport stol rahbarini chaqirgan. Rahbar kelib, "imzo qo‘ying, bu shunchaki tanishtirish, bizdan talab qilishyapti", deb tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Hamyurtimiz rozi bo‘lmagach, unga ishlab va yashab turgan joyi bo‘lishiga qaramay, ro‘yxatdan o‘tkaza olmasliklarini aytib, chiqarib yuborishgan.
Xavfli shoshqaloqlik
Eng katta xavf shundaki, ko‘pgina muhojirlar hujjatlarni e’tibor bilan o‘qib chiqmaydi, rus tilini yaxshi bilmaydi yoki tezroq patent olish uchun shoshib, o‘ylamay turib imzo qo‘yib yuboradi. Natijada, ular bilmasdan harbiy xizmatga rozilik berib yuborishadi.
Aslida, migratsiya markazlarining bunday bosim o‘tkazishi qonunga xilof, chunki harbiy xizmatga oid hujjatlar patent uchun talab qilinmaydi. Bu migrantlar huquqlarining ochiqdan-ochiq buzilishidir.
Yurtdoshlarimizga bunday holatlarda sabrli bo‘lish, har bir qog‘ozni sinchiklab o‘qib chiqish va urushga oid hujjatlarni rad etish tavsiya qilinadi. Agar bosim kuchaysa, zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlari yoki Konsullikka murojaat qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.