
Belgiyalik Loran Simons 15 yoshida ikkinchi doktorlik darajasini qo‘lga kiritdi. U avval 12 yoshida birinchi dissertatsiyasini himoya qilgan. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Loran sakkiz yoshida maktab attestatini olgan va 11 yoshida magistraturani tamomlagan. Hozirda Germaniyaning Myunxen shahridagi Gelmgolts markazida uchinchi ilmiy daraja ustida ishlamoqda. Simonsning tadqiqotlari tibbiyot va sun’iy intellekt o‘zaro integratsiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Simonsning oxirgi dissertatsiyasi nazariy kvant fizikasiga qaratilgan bo‘lib, u avval eksperimental fizika bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan. Loranning ta’kidlashicha, uning fotografik xotirasi va murakkab hodisalarni tezda aniqlash qobiliyatiga ega ekani yordam beradi.
Loranning ota-onasi uning g‘ayrioddiy qobiliyatlari yoshligidan namoyon bo‘lganini ta’kidladilar. U to‘rt yoshida maktabda o‘qishni boshlagan va olti yoshida gimnaziyaga o‘qishga kirgan. Sakkiz yoshida imtihon topshirgan, to‘qqiz yoshida universitetga o‘qishga kirgan va 12 yoshida Maks Plank institutidagi eng yosh doktorantlardan biri bo‘lgan.
Shuningdek, Loran Rim papasi bilan uchrashgan, Nobel mukofoti sovrindorlari bilan muloqotda bo‘lgan va dunyodagi yetakchi ilmiy markazlarida nutq so‘zlagan.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.