
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda AQSH prezidenti maslahatchisi Jared Kushner bilan telefon orqali muloqot o‘tkazganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suhbat “juda yaxshi va mazmunli” ruhda o‘tgan.
Zelenskiy 25 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu muloqot davomida ishning muhim jihatlari muhokama qilinganini ta’kidladi. Uning yozishicha, umumiy natijaga xizmat qiladigan va barqaror tinchlikka olib borishi mumkin bo‘lgan qator konstruktiv g‘oyalar mavjud.
Ukraina prezidenti amerikalik hamsuhbatlariga ochiq va amaliy yondashuv, jadal hamkorlik hamda ukrainaliklarni Rojdestvo bayrami bilan samimiy tabriklagani uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Zelenskiy ta’kidlaganidek, Kiyev hozirgi sharoitda uzluksiz, ya’ni 24 soat davomida ish olib bormoqda.
— Biz Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushini tugatishni yaqinlashtirish, barcha qarorlar va hujjatlarni real, samarali hamda ishonchli qilish uchun to‘liq safarbar etilganmiz, — deya qayd etdi u.
Ma’lum bo‘lishicha, bir kun oldin Zelenskiy AQSH va Kiyev o‘rtasida kelishilgan, urushni to‘xtatishga qaratilgan rejaning yangilangan va yakuniy variantida muayyan yon berishlarga erishilganini bildirgan edi. Hozirda ushbu hujjat Moskva tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
Ukraina prezidenti taklif qilgan 20 banddan iborat rejada mavjud front chizig‘ini vaqtincha “muzlatish” nazarda tutilgan. Shu bilan birga, hujjat qo‘shinlarni bosqichma-bosqich ortga tortish hamda demilitarizatsiya qilingan hududlarni shakllantirish imkoniyatini ochib beradi.
Qisqasi, Kiyev diplomatik frontda faol harakat qilyapti. AQSH bilan olib borilayotgan bu kabi muloqotlar urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.