Kim Chen In qizi bilan birga qahramonlar xotirasi uchun daraxt ekdi

KXDR rahbari Kim Chen In qizi Kim Ju E bilan birga mamlakat harbiylari xotirasiga bag‘ishlangan muzey hududida daraxt ekdi. Tadbir Shimoliy Koreya harbiylarining jasoratini abadiylashtirish maqsadida o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur muzey chet el hududlarida halok bo‘lgan KXDR askarlarining jangovar fidokorligiga bag‘ishlangan yodgorlik sifatida barpo etilmoqda. U, xususan, Kursk viloyatini ozod qilish operatsiyalarida ishtirok etgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga bag‘ishlanadi.
Tashrif davomida Kim Chen In qurilish ishlari bilan yaqindan tanishib, ularni belgilangan muddatda va yuqori sifatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u qizi bilan birgalikda daraxt ekib, bu ramziy harakat qahramonlarga bo‘lgan hurmat va xotira timsoli ekanini ta’kidladi.
KXDR rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu muzey kelajak avlodlar uchun "davrning tirik yodgorligi"ga aylanishi va mamlakat harbiylarining jasoratini aks ettirishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!