Grenlandiya atrofida Rossiya kemalari bormi? Daniya rad etdi

Daniyaning Arktika qo‘mondonligi rahbari, general-mayor Soren Andersen AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiya yaqinida Rossiya va Xitoy kemalari mavjudligi haqidagi bayonotlarini inkor qildi.
Reuters axborot agentligiga bergan izohida general Andersen shunday dedi:
«Biz Grenlandiya atrofida na Rossiya, na Xitoy kemalarini kuzatyapmiz. Xitoy va Rossiya kemalari Shimoliy Muz okeanida harakatlanyapti, ammo Grenlandiyaga yaqin hududlarda emas».
Uning qo‘shimcha qilishicha, Daniya AQSHni joriy yilda orol hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiy mashqlarda ishtirok etishga taklif qilgan. Biroq, Vashington hozirgacha ushbu taklifga rasmiy javob bermagan.
Ma’lumki, Donald Tramp bir necha bor Grenlandiyaning AQSH milliy xavfsizligi uchun strategik ahamiyati katta ekanini ta’kidlab kelgan. Bu bayonotlar ortidan Yevropa davlatlari oroldagi harbiy ishtirokni kuchaytirishga qaror qildi. Xususan, Fransiya 15 nafar, Germaniya 13 nafar, Finlyandiya esa ikki nafar harbiyni Grenlandiyaga yubordi. Orolni o‘z tarkibiga olgan Daniya ham qo‘shimcha qo‘shin joylashtirishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!