Kiyevda hujumlar oqibatida minglab uylar issiqliksiz qoldi

Kiyev shahri yana og‘ir tunni boshdan kechirdi. Rossiya tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi ommaviy zarbalar oqibatida poytaxtda 6 mingdan ortiq turar joy issiqlik ta’minotisiz qoldi. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko rasman ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar natijasida Kiyevning muhim infratuzilma obyektlari jiddiy zarar ko‘rgan. Ayniqsa, issiqlik va kommunal tarmoqlarga ulangan binolarda muammolar yana kuchaygan.
«Poytaxtda qariyb 6 mingta uy yana issiqliksiz qoldi. Bu uylarning katta qismi 9 va 20 yanvar kunlari sodir bo‘lgan hujumlardan keyin allaqachon ikki marta ulangan yoki qayta ulashga urinilgan edi», — deya yozdi Klichko.
Shu bilan birga, Kiyevning ayniqsa chap sohil hududlarida suv ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy uzilishlar ham kuzatilmoqda. Mutaxassislar avariya holatlarini bartaraf etish uchun tezkor ishlar olib bormoqda, ammo vaziyat hali to‘liq barqarorlashgani yo‘q.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ushbu hujumlarga munosabat bildirib, asosiy nishon mamlakat energetika tizimi ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Kiyev va Kiyev viloyatidan tashqari Sumi, Xarkov hamda Chernigov viloyatlari ham ommaviy zarbalar ostida qolgan.
«Xarkovda tug‘ruqxona, ko‘chirilganlar yashagan yotoqxona, tibbiyot kolleji va turar joy binolariga zarar yetdi. Hozirgacha o‘nlab yaralanganlar bor, ular orasida bolalar ham mavjud. Poytaxt va uning atrofida rossiyaliklar uchun asosiy maqsad energetika obyektlari bo‘ldi», — deb yozdi Zelenskiy Telegram kanalida.
Mavjud vaziyat Kiyev aholisi uchun yana bir bor og‘ir sinov bo‘lib turibdi. Sovuq kunlarda issiqlik va suv ta’minotidagi uzilishlar aholi hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mahalliy hokimiyat va qutqaruv xizmatlari infratuzilmani tiklash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!