AQSHda qish qahri reyslarni to‘xtatdi, shtatlar iztirobda qoldi

AQSH hududida kuchayib borayotgan qor bo‘roni mamlakat transport tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Fox News telekanali ma’lum qilishicha, noqulay ob-havo sabab 10 mingdan ortiq aviareyslar bekor qilingan. Associated Press esa bo‘ron yaqin soatlarda mamlakatning deyarli barcha mintaqalarini qamrab olishi mumkinligini xabar qilmoqda.
Qor va muzlamalar nafaqat havo qatnoviga, balki kundalik hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Fox News ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 18 mingdan ziyod iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Ayni paytda 18 ta shtatda favqulodda holat rejimi joriy etilgan bo‘lib, mahalliy hokimiyat aholini ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Milliy meteorologiya xizmati prognozlariga ko‘ra, sharqiy Texasdan tortib Shimoliy Karolinagacha bo‘lgan hududlarda kuchli qor yog‘ishi va muzlamalar yuzaga kelishi kutilmoqda. Ayrim joylarda yo‘l harakati to‘xtab qolishi, maktab va muassasalar vaqtincha yopilishi ehtimoli ham yuqori baholanmoqda.
Favqulodda vaziyatlarni boshqarish federal agentligi esa vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 250 ming porsiya oziq-ovqat, 400 ming litr ichimlik suvi va 30 ta elektr generatorini zaxiraga tayyorlab qo‘ygan. ABC News xabariga ko‘ra, 28 ta shaharda qidiruv-qutqaruv guruhlari to‘liq shay holatga keltirilgan.
Mutaxassislar aholini asossiz safarlardan voz kechishga, elektr va issiqlik tizimlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanishga chaqirar ekan, ob-havo yaxshilanmaguncha vaziyat jiddiy qolishini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!