AQSHda ushlab turilgan o‘zbekistonliklar elchixonadan yordam so‘radi

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi diplomatlari Virjiniya shtatidagi vaqtincha saqlash markazlarida bo'lib, u yerda saqlanayotgan o'zbekistonliklar bilan uchrashdi. Ular AQSh hududida noqonuniy qolib ketgani sabab deportatsiya bo'yicha qarorni kutmoqda va qaytish jarayonini tezlashtirishda ko'mak so'ragan.
"Dunyo" xabariga ko'ra, elchixona vakillari fuqarolarning saqlanish sharoitlari, sog'lig'i hamda maishiy holatini o'rgangan, shuningdek konsullik va huquqiy masalalar bo'yicha tushuntirishlar bergan. Diplomatik missiya zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam ko'rsatib, ularni imkon qadar tezroq O'zbekistonga qaytarishga ko'maklashishini bildirgan.
AQSh immigratsiya siyosatidagi so'nggi o'zgarishlar fonida diplomatlar mamlakatda bo'lib turgan o'zbekistonliklarni migratsiya qonunchiligiga qat'iy rioya qilishga va noqonuniy faoliyatdan tiyilishga chaqirdi.
Zarurat tug'ilsa, O'zbekiston elchixonasining Vashingtondagi konsullik bo'limi bilan +1 (202) 887-5300 telefoni yoki consul.washington@mfa.uz elektron pochtasi orqali bog'lanish mumkin.
Avvalroq migratsiya qoidalarini buzgani uchun AQShdan deportatsiya qilingan O'zbekistonning 40 dan ortiq fuqarosi Toshkentga yetib kelgani ham xabar qilingandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!