Qozog‘iston go‘shti O‘zbekistonga 3 dollar atrofida eksport qilinayotgani ma’lum qilindi

Qozog‘istonda 2025 yil uchun bojxona ma’lumotlari e’lon qilindi. Unda 1 kilogramm go‘sht O‘zbekistonga o‘rtacha 3 dollar atrofida realizatsiya qilingani qayd etilgan. Bu haqda “Cmn.kz” xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, statistikada 2025 yil davomida O‘zbekiston Qozog‘istondan 66,1 ming tonna mol go‘shti va submahsulotlarni 189,9 million AQSH dollariga xarid qilgani aks etgan. Bu o‘rtacha hisobda 1 kilogramm uchun 2,87 dollarga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda esa Qozog‘iston ichki bozorida mol go‘shtining chakana qiymati 30 foizdan ziyodga ko‘tarilib, 1 kilogrammi 4–4,5 ming tengega chiqqan.
Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova ushbu raqamlarga munosabat bildirib, bunday ko‘rsatkichlarni shubhali, deb atagan. U narxlar orasidagi farqni tilga olar ekan, bu ma’lumotlar texnik xatolik natijasi bo‘lishi ehtimolini aytgan.
“Go‘shtni davlat davlatga sotmaydi, balki aniq ishlab chiqaruvchi shartnoma asosida sotadi. Agar ichki bozorda narx bir necha baravar baland bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi uchun mahsulotni 3 dollardan tashqariga sotish iqtisodiy jihatdan manfaatsiz”, deya ta’kidlaydi u.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni alohida tarzda tekshirish talab etiladi.
“Bu ma’lumotlarni puxta o‘rganish, jumladan, bojxona organlaridan aniqlashtirish zarur – texnik xatolik bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”, deydi Kushukova.
Shu bilan birga, Savdo vazirligi Qozog‘istonda mol go‘shti qiymatlari ko‘tarilishda davom etayotgani va bu aholi orasida xavotir uyg‘otayotganini tan olgan. Kushukovaning aytishicha, narxlar o‘sishining asosiy omillari chorva sonini tiklash jarayoni vaqt talab qilishi hamda O‘zbekiston tomonidan talabning keskin ortishidir.
Uning tushuntirishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda go‘sht iste’moli sezilarli ravishda o‘sgan, ammo tabiiy va geografik cheklovlar sabab mamlakat o‘z ishlab chiqarishini xuddi shu kabi hajmlarda kengaytira olmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!