Malayziyalik $100 ga olgan ai.com domenini $70 millionga sotdi

Internetda ba’zan shunday voqealar bo‘ladiki, o‘qiysan-u, “ha, men ham bir paytlar domen olganimda…” deb qo‘yasan. Malayziyalik Arsyan Ismoil aynan shunday afsonaning markazida qoldi: u tarixdagi eng qimmat domenlardan biri sanalgan ai.com manzilini sotgani aytilmoqda. Bahosi esa hazil emas — 70 million AQSH dollari.
Eng qizig‘i, bu onlayn-manzil “katta biznes reja” bilan olinmagan. Arsyan uni bolaligida, ya’ni 1993 yilda, bor-yo‘g‘i 100 dollarga sotib olgan. Sababi oddiy va juda insoniy: domen nomi uning ismi va familiyasi bosh harflariga mos kelgan. Ya’ni o‘sha paytda bu “chiroyli adres” xolos, hech qanday global xayp yo‘q.
Biroq vaqt hamma narsani o‘zgartirdi. Bugun AI (Artificial Intelligence — sun’iy intellekt) degan ikki harf nafaqat texnologiya, balki dunyodagi eng qimmat “brend”lardan biriga aylandi. Startaplar, korporatsiyalar, investorlar — hammaning tilida shu. Natijada kechagi sodda domen bugun katta bozor qiymatiga ega aktiv bo‘lib chiqdi.
Shu tarzda, oradan 33 yil o‘tib, 100 dollarlik xarid ulkan kelishuvga aylandi. Hisob-kitob qilib ko‘rsak, sarmoya deyarli 700 ming baravar “qaytib kelgani” aytilyapti. Bunday foydalar odatda kino ssenariylarida bo‘lardi, lekin mana — real hayot.
Xulosa oddiy: ba’zan eng katta yutuqlar katta shovqin bilan emas, kichik tanlov bilan boshlanadi. Bugun sen uchun “oddiy” tuyulgan narsa ertaga trendga aylanishi mumkin. Faqat bitta shart bor — sabr. Arsyanning keysi shuni isbotlab turibdi.